Global chiqindilarning 33 foizi ochiq holda tashlab ketiladi
Bugun chiqindi bilan bog‘liq masalalar butun Yer yuzida global ekologik muammolardan biriga aylangan. Yildan-yilga chiqindi hajmining ortib borayotgani, uni qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlar esa ayni kundagi talab darajasida emasligi og‘riqli jihatlardan biridir.
Dunyo bo‘yicha chiqindi yig‘ish qamrovi muammoli masalalardan bo‘lib turibdi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, global chiqindilarning taxminan 23 foizi yig‘ilmaydi, 33 foizi esa ochiq holda tashlab ketiladi. Chiqindi muammosi O‘zbekiston uchun ham dolzarblashib borayotgan masala hisoblanadi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yil davomida 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Bu kuniga o‘rtacha 41,4 ming tonnaga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilda sanitar-tozalash xizmatlari aholining 23,9 mln nafari, ya’ni 64 foizini qamrab olgan.
Mazkur yo‘nalishdagi muammolarni tizimli hal etish, sohadagi munosabatlarni tartibga solishda, avvalo, tegishli huquqiy asoslarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu borada Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kiritildi.
Qonun loyihasi bilan sohadagi maxsus vakolatli davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, sanitar tozalash korxonalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Mahallaga sanitar tozalash tashkilotlarining chiqindi bilan bog‘liq faoliyati yuzasidan hisobotlarni eshitish, nodavlat tashkilotlarga sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, chiqindilarni utilizatsiya qilish hamda ularning hosil bo‘lishini kamaytirishga doir faoliyatni rag‘batlantirishning iqtisodiy mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Chiqindi muammosi bilan bog‘liq masalalarni hal etish. Sohani tartibga solishda bu kabi huquqiy asoslarni takomillashtirish dolzarb. Shunday ekan, quyi palataga kiritilgan mazkur loyiha chiqindi bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solishda alohida o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA