Imkoniyat berilsa, insonning muvaffaqiyatlari ko‘p bo‘ladi
Inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratish — bugungi islohotlarning eng muhim mezonlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning bosh maqsadi ham insonni ehtiyojmand holda qoldirib qo‘ymaslik, balki unga imkoniyat, ishonch va mustaqil hayot kechirish uchun sharoit yaratishdan iborat. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi bir xonadon misolida bu ezgu maqsadning hayotdagi ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin.
Tumanning “Imom Buxoriy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Nigora Ergashevaning hayot yo‘liga nazar tashlasangiz, inson uchun eng katta boylik — e’tibor va imkoniyat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilasiz.
Nigora opaning kundalik hayotida oddiydek ko‘rinadigan, ammo u uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan yumushlarni bajarish ham ancha qiyin edi. Biroq bugun uning hayotida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Mahalla tizimidagi ijtimoiy xizmatlar orqali unga zarur yordamlar birma-bir yetkazib berildi. Avvalo, harakatlanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida unga elektr yuritmali kreslo-arvacha olib berildi. Bu oddiy vosita emas. Bu — insonning mustaqil harakatlanishi, o‘z ehtiyojlarini o‘zi ta’minlashi, yaqinlari va atrofdagilarga qaramligini kamaytirishi uchun ochilgan yangi imkoniyat.
Nigora Ergasheva o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinib, “Faol hayotga qadam” dasturiga qamrab olindi. Uning salomatligini tiklash va mustahkamlash maqsadida sanatoriyga navbatga qo‘yildi.
Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi ko‘magida kiyim-kechak hamda oziq-ovqat mahsulotlari vaucher asosida olib berildi. Bu yordamlar oila uchun nafaqat moddiy ko‘mak, balki jamiyatning e’tibori va mehrini his etish imkoni hamdir.
Ijtimoiy himoyaning haqiqiy samarasi faqat bir muammoni hal qilish bilan cheklanib qolmaydi. U insonning oilasi, farzandi, kelajagi bilan ham uyg‘un bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Nigora opaning farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga bepul joylashtirildi. Bu esa onaga o‘z salomatligi va mashg‘ulotlariga ko‘proq e’tibor qaratish, farzandining ta’lim-tarbiyasi uchun xotirjam bo‘lish imkonini berdi.
Insonning bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi ham uning hayot sifatiga ta’sir qiladi. Shu bois Nigora opaning sport bilan shug‘ullanishi, o‘z qobiliyatini rivojlantirishi uchun sport maktabida tashkil etilgan para o‘q otish mashg‘ulotlariga jalb etilishiga ko‘maklashildi. Bu yerda gap faqat sport haqida emas. Gap insonning o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi, yangi maqsadlar sari intilishi, “men ham qila olaman” degan ishonchni qalbida mustahkamlashi haqida ketmoqda.

Nigora opaning hayotidagi yana bir muhim o‘zgarish — uning xonadoni ham ehtiyojlaridan kelib chiqib qayta moslashtirilganidir.
I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar uchun amalga oshirilayotgan energiyani tejaydigan ta’mirlash ishlari doirasida uning uyi ta’mirlandi. Eshik va derazalar yangilandi, xonadonga quyosh paneli o‘rnatildi. Bu o‘zgarishlar bir qarashda uy-joyni ta’mirlashdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bu — insonning kundalik hayotini yengillashtirish, xavfsiz va qulay muhit yaratish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va oilaning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan kompleks yondashuvdir. Eng muhimi, ijtimoiy yordam insonni faqat tayyor ko‘makni kutib yashaydigan holatda qoldirmasligi kerak. Aksincha, unga o‘z imkoniyatini namoyon etishi uchun yo‘l ochishi lozim. Nigora opaning hayoti bunga yorqin misol. Nigora Ergasheva 2020-yildan buyon tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. U fuqarolarning buyurtmalari asosida turli mahsulotlar tayyorlab, o‘z mehnati bilan oilasiga munosib hissa qo‘shishga intilib kelmoqda. Taqdir unga turli sinovlarni bergan bo‘lishi mumkin. Ammo u imkoniyatini cheklov emas, yangi maqsadlar uchun sabab sifatida qabul qildi.

Bugun unga yaratilgan sharoitlar — elektr kreslo-arvacha, ta’mirlangan xonadon, quyosh paneli, ijtimoiy xizmatlar, farzandi uchun bepul bog‘cha, sanatoriyga yo‘llanma, sport mashg‘ulotlari va boshqa ko‘maklar — bir-biridan uzilgan alohida yordamlar emas. Ularning barchasini bir maqsad birlashtiradi: insonni qo‘llab-quvvatlash, uning qadrini asrash va mustaqil hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratish.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatning yangi bosqichi shakllanmoqda. Uning mohiyati shunchaki nafaqa yoki bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishda emas. Insonning muammosini manzilli o‘rganish, ehtiyojini aniqlash, unga munosib sharoit yaratish va eng muhimi, o‘z kuchiga tayanib yashashi uchun imkoniyat berish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Mahalla ijtimoiy xodimlarining xonadonma-xonadon yurib, aholining ehtiyojini o‘rganayotgani ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Nigora opaning hayotidagi o‘zgarishlar ham ana shu tizimli e’tibor samarasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri