Bobur shahrida yangilanish nafasi
FOTOREPORTAJ
Andijon viloyatining jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri — Bobur shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar barpo etilib, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi takomillashtirilayapti.
Shahar qiyofasini yangilashda zamonaviylik va milliy me’moriy an’analar uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari aholi uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, hududning me’moriy qiyofasini ham boyitmoqda.
Ko‘chalarni obodonlashtirish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish ishlari ham izchil davom etmoqda. Zamonaviy piyodalar yo‘laklari, sayilgoh va dam olish maskanlarining tashkil etilishi shahar aholisi uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qilayotir.
[gallery-30852]
Bobur shahrida aholi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sport maydonchalari, istirohat bog‘lari va sayilgohlar barpo etilayapti. Bu esa shahar infratuzilmasini faqat turar joylar va ijtimoiy ob’ektlar bilan emas, balki aholining kundalik hayoti uchun zarur bo‘lgan zamonaviy jamoat makonlari bilan ham boyitish imkonini bermoqda.
Shaharning yana bir muhim jihati — bunyodkorlik jarayonlarida uning tarixiy va ma’naviy qiyofasiga alohida e’tibor qaratilayotganidir. Buyuk ajdodimiz, davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan shaharda milliy tarix va madaniy merosni keng targ‘ib etish, yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan tashabbuslar uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bugun Bobur shahridagi yangilanishlar yangi binolar va obod ko‘chalar qiyofasidagina emas, aholi uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA