“Better Cotton” dasturi: Cifat, barqarorlik va raqobatbardoshlik sari
Bugun Toshkent shahrida BCI dasturini O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Milliy maslahat kengashining II yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda “Better Cotton Initiative” xalqaro tashkilotining mamlakatimizdagi filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat organlari vakillari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, BCI ekspertlari hamda sohadagi boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.
Unda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov, “Better Cotton Initiative” xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi filiali rahbari Katerina Gorbunova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda BCI dasturini yanada rivojlantirish, paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida xalqaro standartlarni keng joriy etish, barqaror ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyotni liberallashtirish, majburiy va bolalar mehnatini bartaraf etish hamda paxta yetishtirishda erkin bozor tamoyillarini joriy etish borasida muhim natijalarga erishildi.
– BCI dasturini mamlakatimizda amalga oshirish paxta-to‘qimachilik tarmog‘ining xalqaro talablarga moslashishi va jahon bozoriga integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda yetishtirilayotgan paxtaning 100 foizi fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Paxta boykotining bekor qilinishi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. “Inditex”, “Adidas”, “Nike”, “Puma”, “Zara”, “H&M” kabi jahon brendlari mamlakatimiz bozoriga qiziqish bildirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Better Cotton” dasturi klasterlar va ishlab chiqaruvchilarga xalqaro standartlarni joriy etish, xodimlar malakasini oshirish hamda barqaror paxtachilik tamoyillarini tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Hozirda beshta paxta-to‘qimachilik klasteri “Better Cotton” litsenziyasini olgan, yana 16 ta klasterda litsenziyalash ishlari davom etmoqda.
O‘zbek ishlab chiqaruvchilarining “Better Cotton” raqamli platformasiga ulanishi butun ta’minot zanjirini kuzatib borish imkonini yaratadi. Biz dasturni qo‘llab-quvvatlash, litsenziya asosida ishlovchi fermer xo‘jaliklari va klasterlar sonini ko‘paytirish hamda xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Ishonchim komilki, bugungi tadbirdagi hamkorlik barqaror paxtachilikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish va O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi u.
Shundan so‘ng “Better Cotton Initiative” xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi filiali rahbari Katerina Gorbunova “Better Cotton Initiative 2030” strategiyasi bo‘yicha taqdimot qildi.
– “Better Cotton Initiative 2030” strategiyasi barqaror paxta yetishtirishni rivojlantirish, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligida ijobiy o‘zgarishlarga erishishga qaratilgan. Strategiya doirasida fermerlarga zarur bilim va ko‘nikmalar berish, ilg‘or va innovatsion tajribalarni ommalashtirish, tuproq unumdorligini saqlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, uglerod chiqindilarini kamaytirish va bioxilma-xillikni asrashga alohida e’tibor beriladi.
Shu bilan birga, paxta yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirish va fermerlarning farovonligini yuksaltirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Buning uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, gender tengligini rag‘batlantirish, majburiy mehnatga barham berish, fermerlarni moliyalashtirish va kompleks xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Fermerlarning o‘z faoliyatini muntazam takomillashtirib borishi uchun amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashga ham katta ahamiyat qaratiladi.
Strategiyada hamkorlikni kuchaytirish, ilg‘or tajribalar va innovatsiyalarni keng joriy etish, barqaror paxtaga bo‘lgan global talabni oshirish ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan, – dedi K.Gorbunova.

Tadbir davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, tadbirkorlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sertifikatlash bilan bog‘liq to‘siqlarni kamaytirish, BCI va davlat tashkilotlari o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar ushbu yo‘nalishlarda izchil ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida “Better Cotton” standartlari talablariga muvofiqligini tasdiqlagan “Fergana Global Textile”, “Sultan Tex Group”, “Deniz Teks” va “Zelal Tekstil” korxonalariga “Better Cotton” sertifikatlarini tantanali topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA