Davlat moliyasini boshqarishda raqamlashtirish va natijadorlikka e’tibor kuchaytirilmoqda
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida “O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish: islohotlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Vazirlik, O‘quv markazi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda davlat organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar, tadqiqotchilar, doktorantlar hamda magistrlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman, BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbuldagi mintaqaviy markazi Taraqqiyot uchun davlat moliyasi dasturi rahbari Viktoriya Mlinarchikova va boshqalar davlat moliyasini boshqarish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Anjumanda O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik Davlat byudjeti siyosati departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Shohrux Ishonqulovning ta’kidlashicha, islohotlar byudjet mablag‘laridan samarali va natijador foydalanish, fuqarolar uchun qulayliklar yaratish hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan.
– Mazkur islohotlar o‘rta muddatli rejalashtirish, fiskal intizom, byudjet qamrovi, davlat moliyasi statistikasi, fuqarolar ishtirokini ta’minlash va byudjet xarajatlari natijadorligini baholash kabi o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarni qamrab oladi. 2019-yildan byudjetni o‘rta muddatli rejalashtirishga o‘tkazish, “Ochiq byudjet” portali ishga tushirilishi, fiskal qoidalar joriy etilishi, byudjet qamrovining kengaytirilishi, konsolidatsiyalashgan byudjet tizimiga o‘tilishi hamda ichki audit va davlat moliyasi statistikasini xalqaro standartlar asosida yuritish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi.
Bu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan yangilangan strategiya qabul qilinib, tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar belgilandi. Shuningdek, 2021-yildan dasturiy byudjetlashtirishni joriy etish boshlanib, keyinchalik uning qamrovi kengaytirildi va raqamlashtirildi. Xususan, UzASBO tizimi orqali byudjet tashkilotlari hisobotlarini shakllantirish va “Ochiq byudjet” portalida avtomatik e’lon qilish imkoniyati yaratildi. 2025-yildan barcha moliyalashtirish manbalari va xarajatlarni qamrab oluvchi byudjet dasturlarini shakllantirish bo‘yicha pilot loyihalar boshlandi. 2026-yilda bu amaliyot sakkizta vazirlikni qamrab oldi va tizimni 2030-yilga qadar to‘liq joriy etish rejalashtirilgan.
Aytish kerakki, barcha islohotlar yagona mantiqiy zanjirga birlashtirilgan bo‘lib, ularning asosiy maqsadi byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, xarajatlar natijadorligini oshirish va davlat moliyasini boshqarishda ochiqlik hamda raqamli mexanizmlarni kengaytirishdan iborat, – dedi Sh.Ishonqulov.

BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbuldagi mintaqaviy markazi Taraqqiyot uchun davlat moliyasi dasturi rahbari Viktoriya Mlinarchikova Slovakiyaning davlat moliyasini isloh qilish borasidagi tajribasi va O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlar haqida fikr bildirdi.
– Slovakiya davlat moliyasini boshqarish sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi. Bugun biz ushbu tajribani hamkorlarimiz bilan baham ko‘rish barobarida, ularning tajribasini ham o‘rganyapmiz. O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida byudjet ochiqligi, Barqaror rivojlanish maqsadlari, yashil iqtisodiyot va yashil byudjetlashtirish kabi muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatingizda davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalarni ijobiy baholaymiz. Islohotlar izchil davom etib, tizim yanada takomillashib borishiga ishonamiz, – dedi Viktoriya Mlinarchikova.
Konferensiyaning keyingi sessiyalarida esa mazkur islohotlarning zamonaviy yo‘nalishlari keng muhokama qilindi. Jumladan, davlat moliyasini boshqarishda raqamli platformalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, “yashil” iqtisodiyot va barqaror moliyaviy siyosat, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish, davlat investitsiyalarini boshqarish, moliyaviy xavflarni baholash, byudjet hisobi, ichki audit va ichki nazorat tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yakuniy rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA