Bandixonda 3 ming gektar yerni o‘zlashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi
Surxondaryo viloyatida mustaqilligimizning 35 yillik bayrami oldidan xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi uchun xizmat qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy soha inshootlari foydalanishga topshirilmoqda.
Bandixon tumanidagi Limonzor mahallasida ishga tushirilgan yangi suv nasos stansiyasi hududdagi uch ming gektardan ortiq yaylov yerni qayta o‘zlashtirib, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga xizmat qiladi.

Qiymati 29,5 milliard so‘mlik loyihani barpo etish uchun “Sherabod” mashina magistral kanalidan bir ko‘tarmali ikkita nasos yordamida yangidan 6,8 kilometr uzunlikda sekundiga 1,5 metr-kub sig‘imli kanal va besh kilometr uzunlikda sekundiga 0,3 metr-kub sig‘imli ichki sug‘orish tarmog‘i bunyod etildi. 2,3 kilometr masofaga D1200 millimetr bosimli quvur tortildi.

Mutaxassislarning aytishicha, yangi loyihaning ishga tushirilgani mahallada 1 ming 500 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etib, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari pavarishlash va yiliga 3 million dollar qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Megaloyihaning tantanali ochilish marosimi yakunida ishtirokchilar istiqlol sharofati bilan bunyod etilgan inshoot va uning hududni rivojlantirishdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatraimov,
O‘zA muxbiri