AQSHning raketa zaxirasi tugayaptimi?
AQSH armiyasi Eron bilan mojaro paytida qurol-yaroq kamayishi tufayli 2027 moliya yilida 388 ta “Tomahawk” va SM-6 raketasi sotib olishni so‘ragan. Bu haqda "RIA Novosti" Pentagon byudjet hujjatida keltirilgan ma’lumotga tayanib xabar tarqatdi.
AQSH Strategik va xalqaro tadqiqot markazi yaqinda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, mamlakat kelajakdagi keng ko‘lamli mojarolarda aniq boshqariladigan raketalarning jiddiy tanqisligiga duch kelishi xavfi mavjud.
Hujjatda armiya rejadan tashqari moliyalashtirish manbalari orqali 234 ta “Tomahawk”, 110 ta SM-6, shuningdek standart byudjet tizimi orqali qo‘shimcha 30 ta “Tomahawk” va 14 ta SM-6 talab qilmoqda.
O‘rta masofaga mo‘ljallangan dastur uchun umumiy so‘rov qiymati 2,7 milliard dollar – 2026-yil uchun so‘ralgan 82,4 million dollardan 32 barobar ko‘p.
AQSH dengiz floti ham shunga o‘xshash o‘sish sur’atini qayd etgan. Tuzilma 2027-yil 785 ta “Tomahawk” sotib olish uchun 3 milliard dollar, ya’ni 2026-yildan 14 karra ortiq mablag‘ so‘radi. O‘shanda atigi 55 birlik uchun 258 million dollar ajratilgan.
Navbatdagi xarid rekord darajadagi 1,5 trillion dollarlik harbiy byudjet doirasida amalga oshirilmoqda. Bu avvalgi yilga nisbatan 44 foiz ko‘p.
S.Rahimov, O‘zA