AQSH Hurmuz bo‘g‘ozida kema harakatini tiklash uchun koalitsiya tuzmoqchi (+video)
AQSH Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini qayta tiklash maqsadida xalqaro koalitsiya tuzish niyatida, deb xabar berdi Euronews.
Bu haqda Pentagon ma’lum qildi. Bu koalitsiya xavfsiz dengiz qatnovini ta’minlash uchun real vaqtda ma’lumot berish, xavfsizlik bo‘yicha yo‘riqnomalar taqdim etish va muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan muzokaralar to‘xtab qolgani sababli Hurmuz bo‘g‘ozi hozircha yopiqligicha qolmoqda. Shuning uchun AQSH mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga harakat qilmoqda.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, koalitsiya xavfsiz kemachilikni ta’minlash uchun aniq choralar ko‘radi. U AQSH elchixonalari orqali boshqa davlatlarni ham ushbu tashabbusga qo‘shilishga chaqiruvchi diplomatik murojaatlar yuborilganini tasdiqladi.
The Wall Street Journal nashri xabar berishicha, bu koalitsiya Davlat departamenti va AQSH Markaziy qo‘mondonligining qo‘shma tashabbusi bo‘ladi. U Vashingtonda joylashgan holda diplomatik hamkorlik markazi sifatida faoliyat yuritib, hamkor davlatlar va tijorat tashuvchilari o‘rtasida aloqani yo‘lga qo‘yadi.
Hisobotda qayd etilishicha, bunday jamoaviy harakatlar Eronning bo‘g‘oz orqali tranzitga to‘sqinlik qilish harakatlariga qarshi birlik va qat’iyatni namoyon etish uchun zarur.
Ayni paytda Buyuk Britaniya va Fransiya ham alohida dengiz tashabbusi bo‘yicha muzokaralarga yetakchilik qilib, 50 ga yaqin davlat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga zarba berganidan so‘ng, Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopdi. Bu yo‘l orqali jahon nefti va suyultirilgan gazining qariyb beshdan bir qismi tashilar edi. Bu holat dunyo bozorida energiya narxlarining keskin oshishiga olib keldi.
13-aprel kuni AQSH harbiy-dengiz kuchlari Eron portlariga nisbatan blokada joriy qildi. Bu choralar Eronning butun sohil chizig‘ini qamrab oladi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH blokadasini “muvaffaqiyatsizlikka mahkum” deb baholab, bunday choralar mintaqadagi barqarorlikni buzishi va keskinlikni oshirishini aytdi.
Eron rahbariyati vakillaridan biri Mojtaba Humonaiy esa AQSHni ushbu qarama-qarshilikda mag‘lub bo‘lganini ta’kidlab, mintaqada yangi bosqich boshlanayotganini bildirdi.
U AQSH harbiy bazalari hatto o‘z xavfsizligini ham ta’minlay olmayotganini aytdi. Shuningdek, u Eron Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan yangi huquqiy boshqaruvni yo‘lga qo‘yayotganini va bu mintaqa davlatlari uchun barqarorlik va taraqqiyot olib kelishini qayd etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xwiU_KgHNrw" title="AQSh Hurmuz bo`g`ozida kema harakatini tiklashuchun koalisiya tuzmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA