Ahmad al-Fargʻoniyning qabri qayerda?
Vatanimiz tarixidagi 24-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 24-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1511-yil (bundan 509 yil oldin) – Andijondan yarim farsax (taxminan 4 kilometr) uzoqlikdagi Tutluk degan joyda Andijonni egallash uchun yurish qilgan Qashqar hokimi Abobakr mirzo va Andijon hukmdori Sulton Sayidxon oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Jangda Sulton Sayidxonning bir yarim ming kishilik qoʻshini Abobakr mirzoning yigirma ming kishilik qoʻshini ustidan zafar qozondi. Abobakr mirzo qoʻshini katta talafot koʻrdi, bir qismi asir olindi.
1869-yil (bundan 151 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman Samarqandda saqlangan Usmon Musʼhafini Peterburgdagi Imperator xalq kutubxonasiga yuborish haqida koʻrsatma berdi. Bundan bir necha oy oldin Zarafshon okrugi boshligʻi general-mayor Abramov Turkiston general-gubernatoriga Usmon Qurʼonini Samarqanddagi Xoʻja Ahror masjididan olganligi toʻgʻrisida xabar bergan edi.
Abramovning Kaufmanga yozishicha, Samarqand bosib olinganda ruhoniylar bu qoʻlyozmani Buxoroga olib ketish maqsadida yashirishgan. Bu holat haqida general Abramovga uning aygʻoqchilari xabar qilishgan. Abramov bu qimmatbaho qoʻlyozmani olish haqida Samarqand uyezdi boshligʻiga buyruq berib, u orqali ulamolarga tazyiq oʻtkazib, uni “oʻz ixtiyorlari” bilan topshirishga majburlagan. Usmon Qurʼoni eng qadimgi qoʻlyozmasining Samarqandga kelib qolishi haqida turli rivoyatlar bor.
1959-yil (bundan 61 yil oldin) – soat 23 dan 40 daqiqa oʻtganda Burchmulla zilzilasi sodir boʻldi. Zilzila kuchi epitsentrda 8 ball, Toshkentda 5 ball boʻlgan. 60 kun davomida 5–6 balli silkinishlar qaytarilib turgan. Bu davrda koʻp turar joylar vayron boʻlgan.
1993-yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkentda Xolid Malik boshchiligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kuniga hamda ushbu Xalqaro tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rasmiy ravishda ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida BMTga 1992-yil 2-mart kuni aʼzo boʻlgan edi.
1994-yil (bundan 26 yil oldin) – Parij shahrida YUNESKOning majlislar oʻtkaziladigan zalida “Ulugʻbek va buyuk Temuriylar davri” mavzusida Xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi hamda “Ulugʻbek va anʼanaviy sanʼat” koʻrgazmasi ochildi.
1995-yil (bundan 25 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti 50 yilligi munosabati bilan Bosh Assambleya majlisida nutq soʻzladi.
1996-yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent shahrida “Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
1998-yil (bundan 22 yil oldin) – Ahmad al-Fargʻoniyning 1200-yillik yubileyi tantanali ravishda nishonlandi. Fargʻona shahrida Ahmad al-Fargʻoniy nomi bilan ataladigan istirohat bogʻi ochildi. Quva shahrida Ahmad al-Fargʻoniyga haykal oʻrnatildi.
Yevropada Alfraganus (Alfraganus) nomi bilan tanilgan Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy oʻrta asrlarning eng koʻzga koʻringan allomalaridan biri edi. Olimning ismi fan tarixida mashhur boʻlishiga qaramasdan, uning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi maʼlumotlar juda oz. Uning tugʻilgan yili mantiqiy hisoblar natijasida 798-yil (baʼzi adabiyotlarga koʻra 797-yil) deb topilgan.
Fargʻonada tugʻilgan olim keyinchalik Bagʻdod shahriga koʻchib oʻtib, Bagʻdod ilmiy maktabi – “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”)da ijod qiladi. U 832–833-yillari Suriya shimolidagi Sinjor sahrosida yer meridianining bir darajasi uzunligini oʻlchashda qatnashadi. Bundan tashqari, olim 861-yili Qohira atrofidagi Ravdo oroliga oʻrnatilgan nilomerni taʼmirlagan.
Tarixchi olim Abdulahad Muhammadjonovning maʼlumot berishicha, musulmon mamlakatlari boʻylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya aʼzolari 1997-yil 5-dekabrda Misr Arab Respublikasida boʻlishib, Ahmad al-Fargʻoniy hayotini oʻrganishlari natijasida u Misrning Fustat shahrida vafot etganligi, Munattam togʻining sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom ash-Shofe qabristoniga dafn etilganligini aniqlashdi. Vaqt oʻtishi bilan uning qabri yoʻqolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Fargʻona vodiysining Quva shahrida 1998-yil barpo etilgan ramziy qabrga qoʻyildi.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi