Afg‘onistonda Marg‘inoniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda
Joriy yilning 3–7-oktabr kunlari Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida «Imom Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy merosining zamonaviy islomshunoslikdagi o‘rni va mavqei» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligidagi diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Anjumanning asosiy tadbirlarida buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning islom huquqshunosligi va fiqh ilmi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, uning boy ilmiy merosining bugungi islomshunoslikdagi ahamiyati haqida fikr almashildi.


Tadbirda allomaning «Bidoyat al-mubtadiy», «Kifoyat al-muntahiy» va 13 yil davomida sayqal berib yozilgan mashhur «Al-Hidoya» asarlari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, «Fatavo an-Navazil», «Manosik al-haj», «Mazid fiy furu’ al-fiqh» va «Kashf al-osor» kabi asarlari ham asrlar davomida Sharq va G‘arbdagi madrasalarda muhim ilmiy manba sifatida xizmat qilib kelayotgani ta’kidlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarini bog‘lab turuvchi tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalarni yanada rivojlantirish, mushtarak ilmiy-madaniy merosni chuqur o‘rganish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.


Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro minbarlarda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surilayotgani, shuningdek, Balh viloyatida Imom al-Buxoriy madrasasi barpo etilayotgani qayd etildi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilarga Burhoniddin Marg‘inoniyning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlab chop etilgan yangi kitob taqdim etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Kobul shahridagi «Kalimot» ilmiy-tadqiqot markazi, Kobul milliy muzeyi, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘i va maqbarasida bo‘lib, ushbu maskanlarning faoliyati va tarixiy ahamiyati bilan tanishdi.
Hamroz Bayonov,O‘zA