Toshkent tobora yashil hududga aylanib bormoqda
Toshkent kanallari bo‘ylab keng ko‘lamli loyiha shahar qiyofasini o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus poytaxt aholisi uchun zamonaviy, qulay va ko‘rkam dam olish maskanlarini yaratib, shahar hayotiga yangicha ruh bag‘ishlashga qaratilgan.
Toshkentda so‘nggi yillarda shaharning urbanistik qiyofasini yaxshilash va aholi uchun qulay muhit yaratish maqsadida sayilgohlar, yashil hududlar va dam olish maskanlari tizimli ravishda kengaytirilmoqda. Ayni paytda bu borada bir qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti. Xususan, shahar ma’muriyatining rejalariga ko‘ra, poytaxtdagi kanallar bo‘yida umumiy uzunligi 150 kilometrga teng bo‘lgan sayilgohlar barpo etiladi. Bu hududlarda piyodalar va velosipedchilar uchun alohida yo‘laklar, zamonaviy yoritish tizimlari va qulay dam olish o‘rindiqlari yaratiladi.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzakalon Ismoiliy va Asaka mahallalari hududidan o‘tuvchi Salar kanali bo‘yida zamonaviy dam olish maskani barpo etilmoqda. Qariyb 1,5 kilometr uzunlikdagi bu hudud tuman hokimligi binosi oldidan boshlanib, Markaziy istirohat bog‘igacha davom etadi. Loyiha doirasida mavjud daraxtlar va yashil hududlar saqlanib, tartibga keltiriladi. Kanal bo‘yidagi binolar xatlovdan o‘tkazilib, noqonuniy egallangan hududlar tartibga solinadi.

Shu bilan birga, piyodalar va veloyo‘laklar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar, qulay o‘rindiqlar, ayvonchalar, bolalar maydonchalari hamda “workout” zonalari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Mirzakalon Ismoiliy mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan samarali foydalanilib, tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Umuman olganda, bunday sayilgohlar aholining kundalik hayoti uchun qulay, xavfsiz va ko‘rkam muhit yaratishga xizmat qiladi. Ular asosan avtomobillar qatnovi tig‘iz bo‘lgan yo‘llardan yiroqda joylashgan bo‘lib, piyodalar uchun erkin sayr qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Ma’lumot uchun, Salar kanali Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi yirik kanallardan biri bo‘lib, uning shahar hududidagi qismi 23,3 kilometrni tashkil etadi. Kanalning eni 10,5 metrgacha yetadi va uning suv bo‘ylab 10 metrlik qirg‘og‘i muhofaza qilish maydoni etib belgilangan. Ayni paytda kanalning ayrim qismlarida obodonlashtirish ishlari yakunlangan bo‘lib, jami 9,9 kilometr hudud tartibga keltirilgan. Qolgan 2,7 kilometr masofada esa ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA