Qarz to‘landi va jinoyat ishi yarashuv sabab tugatildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani sudida aliment majburiyatini bajarmaslik bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ish materiallariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjatiga asosan fuqaroning voyaga yetmagan uch nafar farzandi ta’minoti uchun uning har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida, farzandlari voyaga yetgunga qadar aliment undirish belgilangan. Biroq, belgilangan majburiyatga qaramasdan, aliment to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.
Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan avval ma’muriy chora qo‘llanilib, aliment to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash davom etgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida tegishli tartibda ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudda ko‘rib chiqilgan. Sud muhokamasi jarayonida sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshira olmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, sud jarayonida ayblanuvchi 224 million 746 ming so‘mdan ortiq miqdordagi aliment qarzini to‘liq qopladi.

Jabrlanuvchi esa aliment qarzdorligi to‘liq bartaraf etilganini inobatga olib, sudlanuvchi bilan o‘zaro yarashganini bildirdi va jinoyat ishini yarashuv munosabati bilan tugatishni so‘radi.
Sud ish materiallarini sinchiklab o‘rganib, sudlanuvchining aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yetkazilgan moddiy zararning to‘liq qoplangani hamda jabrlanuvchi bilan o‘zaro yarashganini inobatga oldi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lib, jabrlanuvchi bilan yarashgan va yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66¹-moddasida yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish instituti belgilangan bo‘lib, mazkur norma Jinoyat kodeksining 122-moddasida nazarda tutilgan jinoyatga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 4-qismiga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan hollarda jabrlanuvchi bilan yarashgan taqdirda, jinoyat ishi aybdorlik masalasi hal etilmasdan turib ish yuritishdan tugatilsa ham bo‘ladi.
Sud tomonidan ishning barcha holatlari, taraflarning ko‘rsatmalari va ish bo‘yicha to‘plangan dalillar har tomonlama o‘rganilib, huquqiy baho berildi. Jabrlanuvchi tomonning yarashuv haqidagi pozitsiyasi, aliment qarzining to‘liq qoplangani va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlar inobatga olinib, jinoyat ishini taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatish uchun qonuniy asoslar mavjud, degan xulosaga kelindi.
Natijada sud ajrimi bilan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 4-qismiga asosan ish yuritishdan tugatilib, shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Shu bilan birga, mazkur holat aliment majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlashga yo‘l qo‘yilishi mumkin, degan xulosani anglatmaydi. Aksincha, ota-onaning voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlash majburiyati qonun bilan belgilangan bo‘lib, aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish farzandlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur ishda aliment qarzining to‘liq qoplangani va taraflarning yarashganligi qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy oqibat keltirib chiqargan bo‘lsa-da, aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish har bir ota-onaning qonuniy burchi ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Abыlay Adilov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi.
O‘zA