«5 ming qadam» – sog‘lom hayot sari muhim tashabbus
Chilonzor tumanida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam» shiori ostida yurish marafoni tashkil etildi. Unda tuman tibbiyot xodimlari, hokimlik vakillari hamda faol fuqarolar qatnashdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarga sog‘lom ovqatlanish, muntazam badantarbiya va kundalik jismoniy faollikning inson salomatligiga ta’siri haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan tanani sog‘lom saqlashda muhim ahamiyatga ega yengil mashqlar amaliy tarzda ko‘rsatib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, kuniga kamida 5 ming qadam yurish yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilaydi, ortiqcha vaznni kamaytirish va stressni yengishga yordam beradi.
Tadbir davomida so‘z olgan tibbiyot mutaxassislari jismoniy faollik inson salomatligining asosiy omillaridan biri ekanini qayd etib, bu kabi ommaviy yurishlar aholi o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirishdi.
Marafon ishtirokchilari nafaqat jismoniy faollik, balki ekologik mas’uliyat masalalariga ham alohida e’tibor qaratishdi. Tadbirda mamlakatimizda inson salomatligi va sportni ommalashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, sport — bu nafaqat musobaqa, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom va vatanparvarlik timsolidir.
Chilonzor tumani hokimligi vakili ham bu kabi tashabbuslar aholini jismoniy faollikka undash bilan birga, ekologik ongni shakllantirishga ham xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, har bir bosilgan qadam inson salomatligi bilan bir qatorda atrof-muhitni asrashga qo‘shilgan hissa hisoblanadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ekologik madaniyat va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish muhimligini yana bir bor e’tirof etib, bu kabi marafonlarni mahallalar va ta’lim muassasalarida muntazam o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wUbmQc65W9s" title="«5 ming qadam» – sog‘lom hayot sari muhim tashabbus" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov,
Nishonboy Abduvoitov O‘zA