Mehnat faxriylari yo‘qlandi
FOTOREPORTAJ
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Namangan viloyati Uychi tumanida mehnat faxriylari holidan xabar olish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda tumanda 16 nafar front orti mehnat faxriysi istiqomat qiladi. Bayram arafasida ularning xonadonlariga tashriflar uyushtirilib, holidan xabar olinmoqda.
Tadbirlarda «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi I.Najmiddinov, faxriy general U.Shamsiyev, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi, viloyat Kengashi deputati T.Ismatillayev, shuningdek, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Shaftoli mahallasida yashovchi front orti mehnat faxriysi, 106 yoshli Fotima Qo‘chqorova xonadoniga tashrif bayramona ruhda o‘tdi. U kishi 6 nafar farzandni voyaga yetkazgan bo‘lib, bugungi kunda bir necha o‘nlab nabira va chevaralar ardog‘ida.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi, 98 yoshni qarshi olgan front orti mehnat faxriysi Zulfiya Qo‘chqorova ham urush yillaridagi mehnat mashaqqatlarini eslab, yurt tinchligi uchun shukronalik bildirdi.
Faxriylarga viloyat hokimining bayram tabrigi, «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan pul mukofoti hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondining esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-29313]
Tadbir doirasida tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi, maktab o‘quvchilari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA