Urush qatnashchisiga Prezident sovg‘asi topshirildi
9-may — Xotira va qadrlash kuni
Xotira — millatning vijdoni, qadriyatga aylangan jasorat esa xalqning abadiy faxridir. Ikkinchi jahon urushining dahshatli va sinovli yillarida Vatan tinchligi, insoniyat kelajagi uchun kurashgan fidoyi insonlarni e’zozlash bugungi tinch va osoyishta hayotimizning ma’naviy mezoniga aylangan.
Ana shunday qahramonlardan biri — urush faxriysi Karnishina Mariya Ivanovna bugun yuksak ehtirom va e’zoz bilan qutlandi.
1929-yilda Ukrainada tavallud topgan Mariya Ivanovna yosh bo‘lishiga qaramay, 1944-yilda Armiya safiga chaqirilib, urushning og‘ir sinovlarini boshdan kechirdi. U 1094-sonli Evakuatsiya harbiy qism gospitalida xizmat qilib, jang maydonida yaralangan askarlarga tibbiy yordam ko‘rsatdi. Uning matonati, insonparvarligi va fidokorona mehnati fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni hamda hududdagi kuch tuzilmalari rahbarlari urush faxriysining xonadoniga tashrif buyurib, uning holidan xabar oldi. Samimiy suhbat va yuksak hurmat ila Mariya Ivanovna 9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 81 yilligi bilan muborakbod etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda urush va mehnat faxriylarining jasorati, front ortida xizmat qilgan insonlarning mashaqqatli mehnati hamda bugungi avlod uchun qoldirgan ibratli hayoti xalqimiz qalbida mangu yashashi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz topshirig‘iga asosan Mariya Ivanovnaga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti, Prezident sovg‘alari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Nukus shahri hokimligi va qator tashkilotlar nomidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
[gallery-29310]
Bu kabi ehtirom va g‘amxo‘rlik xalqimizning inson qadri ulug‘langan jamiyat barpo etish yo‘lidagi ezgu an’analarining yorqin ifodasidir. Zero, bugungi tinch osmon, osoyishta hayot va farovon kunlar zamirida urush qatnashchilari va mehnat faxriylarining beqiyos jasorati mujassam.
Mardlik va fidoyilik timsoli bo‘lgan faxriylarimizni qadrlash, ularning hayot yo‘li va matonatini yosh avlodga ibrat sifatida yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.