40 nafar murojaatchi ishli bo‘ldi
Aholini ish bilan ta’minlash, daromadli qilish oilalar farovonligi va jamiyat barqarorligida muhim omil hisoblanadi. Shu bois, fuqarolar bilan muloqot va uchrashuvlarda bandlik masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Bu borada O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va sayyor qabullarda muayyan natijalarga erishilayotgani e’tiborga molik. Mazkur loyiha doirasida Bekobod shahrida o‘tkazilgan sayyor qabul ham samarali bo‘ldi. Qabulda 200 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, 80 dan ziyod murojaat bildirildi.
Qabul jarayonida bandlik, ijtimoiy himoya, uy-joy, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmatlar va huquqiy masalalar yuzasidan ko‘tarilgan murojaatlarning 60 ga yaqini shu joyning o‘zida hal etildi.

Qabul davomida aholi bandligini ta’minlash masalasidagi murojaatlarga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarning 40 dan ortig‘i “O‘zmetkombinat” AJga ishga joylashish bilan bog‘liq bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, fuqarolar mavjud vakant lavozimlarga qabul qilinishi va malaka talab etadigan kasblarga korxona tomonidan bepul o‘qitilishi belgilandi.
Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, moddiy yordam, chet elda davolanish, nafaqa va uy-joy masalalari ham mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Ayrim murojaatlar deputatlar va shahar hokimligi nazoratiga olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA