Dori vositalari reklamasi va ularning ortidagi xavf-xatarlar
Aholida dori vositalaridan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, o‘zini o‘zi davolashning oldini olish hamda chalg‘ituvchi reklama belgilarini farqlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
"Reklamaga emas, haqiqatga ishoning!"
Ayni maqsadda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan "Reklamaga emas, haqiqatga ishoning!" shiori ostida targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida fuqarolarga dori vositalari reklamasiga oid amaldagi qonunchilik talablari, reklamalarda uchraydigan manipulyativ usullar hamda dori vositalarini xavfsiz va oqilona qo‘llashning ahamiyati haqida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Sabohat Hayitova targ‘ibot oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi dori vositalari reklamasining asl holati va ularning ortidagi xavf-xatarlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi:

– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda oq xalat kiygan insonlar ishtirokidagi reklamalarning ko‘payishi shunchaki oddiy marketing usuli bo‘lmay, balki jiddiy ijtimoiy muammodir. Negaki, oq xalat ko‘pchilik uchun professional bilim va ishonch ramzi bo‘lgani bois, ayrim reklama beruvchilar odamlarning shifokorlarga bo‘lgan tabiiy ishonchidan tijoriy maqsadlarda foydalanmoqda. Oqibatda reklamadagi shaxsning haqiqatan ham shifokor yoki mutaxassis ekanini tekshirmasdan, ularning tavsiyalariga ko‘r-ko‘rona amal qilayotgan hamda shifokorga borish o‘rniga o‘z-o‘zini davolashga urinayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda.
Shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari o‘rtasidagi farqqa to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, alohida qayd etish kerakki, biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi hisoblanmaydi va ular kasallikni davolash, unga tashxis qo‘yish yoki oldini olishga mo‘ljallanmagan. Ammo reklamalarda ularning deyarli barcha dardga davo sifatida ko‘rsatilishi iste’molchilarni chalg‘itmoqda. Buning oqibatida bemorlar haqiqiy davolanish o‘rniga biologik faol qo‘shimchalarlarni qabul qilib, qimmatli vaqtni boy berishmoqda va kasallikni og‘irlashtirib yuborishmoqda.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, dori vositalari reklamasida taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, olimlar va tibbiyot xodimlarining tavsiyalari, bemorlarning minnatdorchiliklari yoki "ichdim va tuzaldim" mazmunidagi shaxsiy tajribalarni reklama vositasi sifatida qo‘llash ham qat’iyan taqiqlanadi. Chunki bunday usullar ilmiy dalillarga emas, balki insonning hissiyotiga ta’sir qilish orqali mahsulotni sotishga xizmat qiladi.
Reklamalarda eng ko‘p uchraydigan manipulyatsiyalar qatoriga "100 foiz kafolatlangan natija", "bir haftada tuzalasiz", "hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q" kabi va’dalar, shuningdek, "oldin va keyin" tasvirlari yoki qo‘rqinchli kasallik manzaralarini ko‘rsatish orqali xaridorni ruhiy jihatdan mahsulotni sotib olishga majburlash kiradi.
Vaholanki, tibbiyot individual yondashuvga asoslanadi – bir bemorga foyda bergan dori boshqasiga umuman samara bermasligi yoki jiddiy nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bemorning yoshi, hamroh kasalliklari va qabul qilayotgan boshqa dorilari hisobga olinmay internetdagi reklama asosida davolanish ayanchli oqibatlarga olib keladi.
Yana bir e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat: dori vositalarini xarid qilishdan oldin mahsulot davlat ro‘yxatidan o‘tganmi yoki yo‘qligini albatta aniqlash, dorining yaroqlilik muddati va qadoqning butunligini tekshirish hamda mahsulotni faqat litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalardan xarid qilish lozim.
Bugungi raqamli axborot makonida ilmiy asoslangan ma’lumot va malakali shifokor tavsiyasi eng ishonchli mezon bo‘lib qolishi shart. Zero, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar hech qachon tibbiy maslahat o‘rnini bosa olmaydi.
Mohigul Qosimova, O‘zA