Zilzilaga tayyorgarlik — xavfsiz hayotning muhim omili
Tabiiy ofatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlar oqibatini minimallashtirishda eng muhim omillardan biri — fuqarolarning xavfli vaziyatda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lishidir.
Shu maqsadda mamlakatimizda aholining seysmik xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 20–27-oktabr kunlari “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” o‘tkazilayotgani ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida Buxoro viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda zilzila sodir bo‘lgan vaqtda inson hayoti va salomatligini asrash, sarosimaga berilmasdan vaziyatni to‘g‘ri baholash, xavfsiz joyni tanlash hamda favqulodda vaziyatlarda belgilangan tartib asosida harakat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarga bino ichida va tashqarida zilzila vaqtida o‘zini qanday tutish, xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan joylardan uzoqlashish, evakuatsiya talablariga rioya qilish, birinchi navbatda bolalar, keksalar va yordamga muhtoj fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga tayyorgarlik ko‘rish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda asosiy yondashuv faqat favqulodda vaziyat sodir bo‘lganidan keyin uning oqibatlarini bartaraf etish emas, balki xavfni oldindan baholash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan.
Zilzila kabi tabiiy ofatlarning aniq vaqtini oldindan belgilash imkoni cheklangan bir sharoitda esa aholining xabardorligi va amaliy ko‘nikmasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois bunday seminarlar oddiy targ‘ibot tadbiri emas, balki inson hayotini asrab qolishga qaratilgan muhim profilaktik chora sifatida ahamiyatlidir. Seminar davomida ishtirokchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, zilzila vaqtida harakatlanish tartibi va xavfsizlik choralari yuzasidan batafsil javoblar oldilar.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday tadbirlarni muntazam tashkil etish orqali xodimlarda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, xavfni to‘g‘ri baholash hamda atrofdagilar xavfsizligini ta’minlash ko‘nikmalari mustahkamlanadi.
E’tiborli jihati shundaki, seysmik xavfsizlik faqat sohaviy tashkilotlar yoki maxsus xizmatlarning vazifasi emas. Bu — jamiyatning har bir a’zosidan mas’uliyat va tayyorgarlikni talab qiladigan umumiy vazifa.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri