O‘zbekiston transport va logistika sohasidagi islohotlar orqali mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlamoqda
Vazir minbari
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganidek, katta siyosiy iroda ko‘rsatilib, O‘zbekiston dunyoga keng ochildi. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi.
Ushbu yondashuv transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga chiqish, yuklarning harakatlanish muddati va xarajatlarini qisqartirish, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tish jarayonlarining samaradorligi hamda o‘zaro transport bog‘liqligini ta’minlashga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, chegaralardagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, yangi o‘tkazish punktlarini ochish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish mamlakatimiz transport-logistika salohiyatini yuksaltirishning muhim omillaridir. Bugungi kunda tashqi logistik xatarlarga bardoshli tizimni shakllantirish orqali O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika tizimidagi o‘rnini mustahkamlash asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmoqda.
Yaqin o‘tmishda qo‘shnilar bilan chegara masalalari ko‘p yillik bahslar mavzusi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu yondashuv buning aksini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025-yil 31-martda Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi. Shartnoma davlat chegaralari tutashgan nuqtani aniq belgilab, uning huquqiy asoslarini xalqaro hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etishda izchil va huquqiy asoslangan yondashuvni aks ettiradi.
Prezidentimizning 2026-yil iyul oyida Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida esa ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda chegara masalalarini tartibga soluvchi muhim hujjatlar imzolandi. Ular doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘tkazish punktlari sonini ikki barobarga ko‘paytirish va o‘zaro tovar almashinuvini ikki milliard dollarga yetkazish kutilmoqda.
Biroq chegaralarning ochiqligi transport sohasidagi barqaror va samarali hamkorlikni ta’minlash uchun yetarli emas. Buning uchun, avvalo, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, tashuvchilar uchun moliyaviy yuklamalarni maqbullashtirish hamda xorijiy hududlarda harakatlanish va faoliyat yuritish shartlarini takomillashtirish talab etiladi. Shu bois amalga oshirilayotgan ishlarda mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz 40 dan ortiq xorijiy davlat bilan xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolagan bo‘lib, ulardan 35 tasi bilan ruxsatnoma almashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, shundan 25 tasi Yevropa davlatlarini tashkil etadi. So‘nggi paytlarda qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma o‘rnini bosqichma-bosqich elektron tizim egallamoqda. E-permit elektron ruxsatnoma almashish tizimi 2021-yilda Turkiya bilan joriy etilgan bo‘lsa, keyinchalik Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston va Gruziya – jami 8 ta davlat bilan ishga tushirildi.
Qolaversa, joriy yil 1-iyundan boshlab ruxsatnomalarni bevosita chegara bojxona postlarida berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, tashuvchilarga ularni 10 kun muddatga band qilish imkoniyati yaratildi.
Qo‘shnilar bilan muloqot tashuvchilarimizning kundalik muammolarini ham hal qilmoqda. Qozog‘iston bilan bitimga kiritilgan o‘zgartirishlar tufayli yuk ko‘tarish quvvati 3,5 tonnadan yoki to‘la vazni 6 tonnadan oshmaydigan yuk avtotransport vositalari ruxsatnoma talabidan butkul ozod qilindi. Xitoy bilan esa avtotransport tashuvlarida kvotasiz ruxsatnoma tizimiga o‘tildi. O‘zbekiston va Eron hududida kirish va tranzit uchun undiriladigan 400 dollarlik yig‘imlar o‘zaro bekor qilindi. Rossiya tomoni bilan muzokaralar natijasida esa haydovchilarimizning Rossiyada bir kalendar yili davomida vaqtincha bo‘lish muddati 2026-yil 30-iyundan boshlab 90 kundan 180 kungacha uzaytirildi. Bu o‘zgarishlar har bir tashuv tannarxida va har bir haydovchining daromadida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Chegaralarning ochilishi nafaqat tovarlar harakatini, balki xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni ham yanada yaqinlashtirdi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Xitoyga jami 43 ta yo‘nalishda muntazam xalqaro avtobus qatnovlari amalga oshirilib, fuqarolarning erkin va qulay harakatlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Aviatsiya sohasida 2026-yilning I yarim yilligida rezident va xorijiy aviakompaniyalar tomonidan jami 18 ta xalqaro yo‘nalishlarda yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yildi, shu jumladan, Qozog‘iston bilan Toshkent–Atirau va Olmaota–Samarqand. Natijada xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 15 foizga o‘sib, 8,1 mln nafarga yetkazildi.
Temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha mavjud 34 ta mahalliy va 11 ta xalqaro yo‘nalishda kuniga o‘rtacha 32,5 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida tashilgan yo‘lovchilar soni 5,9 mln nafarni tashkil etdi. Shundan, 331 ming nafari xalqaro va 5 554 ming nafari mahalliy yo‘nalishlarda.
Prezidentimiz nutqida alohida ta’kidlanganidek: «Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz».
Dunyodagi logistika zanjirlarida uzilishlar yuzaga kelgan damda bu masalaga mas’uliyat bilan yondashilmoqda. Vazirlikda idoralararo Ishchi guruh hamda aloqa markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylarda turib qolgan yuklar «O‘rta yo‘lak», Xitoy portlari va boshqa muqobil yo‘laklar orqali manziliga yetkazildi.
Bu tajriba yagona yo‘nalishga bog‘lanib qolmasdan, yangi yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatdi. Shu sababli Kaspiy va Qora dengiz yo‘nalishida amaliy qadamlar qo‘yilmoqda. Ozarbayjon bilan Kaspiy dengizida qo‘shimcha kemalarni sotib olish maqsadida qo‘shma korxona tashkil etish, Poti portida esa Gruziya bilan birgalikda terminal qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ko‘p yillik izchil siyosat bugun aniq natija bermoqda. «O‘rta yo‘lak» bo‘ylab tashilgan yuklar hajmi ikki barobarga oshib, 2025-yil yakuniga kelib 1,2 mln tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan amalga oshirilgan yuk tashuvlarida mazkur yo‘lakning ulushi 2021-yildagi 12 foizdan 2025-yilda 28 foizga yetdi.
«O‘rta yo‘lak»ning tranzit salohiyatini yanada oshirish hamda Yevropa va Xitoy o‘rtasida samarali transport aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimiz tomonidan xalqaro maydonlarda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini O‘rta yo‘lak bilan integratsiya qilish va Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa uzluksiz quruqlik yo‘nalishini yaratish muhimligi bir necha bor ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» multimodal yo‘lagida 2020-yilga nisbatan yuk tashish hajmi 50 barobardan ziyodga oshdi.
Mamlakat ichidagi logistika tarmog‘i ham shu mantiq asosida qurilmoqda. Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirilishi ko‘zda tutilgan. Xonabod «Xitoy yo‘li darvozasi», Olot «O‘rta yo‘lak darvozasi», Termiz esa «Transafg‘on yo‘lagi darvozasi» sifatida rivojlantiriladi. Ushbu hududlarda logistika markazlarini tashkil etish maqsadida jami 300 gektar yer maydoni ajratish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida 17 ta logistika markazi va terminallar barpo etish rejalashtirilgan.
Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida xalqaro tranzit yo‘laklari xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish muhimligi ta’kidlanib, «Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash» global mexanizmini joriy etish taklif qilindi.
Ayni damda bu tashabbus O‘zbekiston tomonidan hamkorlikda olib borilayotgan yirik infratuzilma loyihalarida o‘z ifodasini topmoqda. Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli Yevrosiyo markazida uzunligi qariyb 533 km bo‘lgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘l magistrali barpo etilmoqda. Ayni paytda 9 ta ramali ko‘prik qurilishi va 26 ta тоннелda qazish ishlari davom etmoqda. Ob’ektga 9 mingdan ortiq ishchi va 6 mingdan ziyod maxsus texnika jalb qilingan. Ushbu strategik loyiha 2030-yil yakuniga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Yo‘l to‘liq quvvatda ishga tushgach, yuk tashish hajmi yiliga 15 mln tonnagacha yetishi, tovarlarni yetkazib berish muddati esa o‘rtacha 7 kunga qisqarishi kutilmoqda.
Janubiy yo‘nalishda ham muhim qadamlar qo‘yildi. Transafg‘on temir yo‘lining «Termiz – Naybobod – Logar – Xarlachi» yo‘nalishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlandi. Ayni damda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mazkur temir yo‘l liniyasi Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevrosiyo temir yo‘l tizimlari bilan bog‘lashi kutilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi oxir-oqibat bitta ko‘rsatkichda – yuk tashish hajmida o‘z aksini topadi. Dunyodagi beqaror vaziyat sharoitida 2025-yilda O‘zbekiston xalqaro yuk tashuvlari hajmi 66,8 mln tonnani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 11,9 foizga oshdi. So‘nggi 10 yilda xalqaro yuk tashuvlari 2,2 barobarga o‘sdi.
Eng katta siljish avtomobil transportida kuzatilmoqda. Avtomobilda tashilgan xalqaro yuklar hajmi 2016-yildagi hajmga nisbatan 6 barobar, faqat o‘tgan yilning o‘zida 22,8 foizga o‘sdi. Natijada avtomobil transportining xalqaro yuk tashuvlaridagi ulushi 31 foizga yetdi. Bu o‘sishda yuqorida keltirilgan ruxsatnomalar, yig‘imlar va o‘tkazish punktlari bo‘yicha qarorlarning ham munosib hissasi bor.

Xalqaro yuk tashuvlarida temir yo‘l transporti yetakchi o‘rinni egallamoqda. 2025-yilda ushbu transport turi orqali 46,2 million tonna yuk tashilib, jami xalqaro tashuvlarning qariyb 70 foizi ta’minlandi. Temir yo‘l transportida ham olib borilayotgan islohotlar kam emas va izchil davom etmoqda.
Oldimizdagi vazifalar aniq. Qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, chegara va logistika jarayonlaridagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va tashqi xatarlarga chidamli transport-logistika tizimini shakllantirish. Bu esa nafaqat o‘zaro yuk tashish hajmlari va tranzit ko‘rsatkichlarini oshirish, balki mintaqada global transport-logistika tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi». Bugun bu yutuqlarning har biri yangi yo‘llar, yangi qatnovlar va yangi bozorlar shaklida namoyon bo‘lmoqda. Logistika – dunyoga ochilish yo‘li. Bu yo‘lni yanada keng va ishonchli qilish esa biz, transport sohasi vakillarining sharafli vazifasidir.
Ilhom MAHKAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri.
O‘zA