Buxoroda “Ommaviy diktant” marafoni o‘tkazildi
Buxoroda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Har bir so‘zda millat ruhi, har bir yozuvda til g‘ururi!” shiori ostida “Ommaviy diktant” marafoni tashkil etildi.
Buxoro davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi binosida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Ortiqova, institut rektori Bahodir Ma’murov, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Marafon o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirish, yozma savodxonlikni yuksaltirish, ona tiliga bo‘lgan mehr va ehtiromni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Unda ishtirokchilar diktant yozish orqali o‘z bilim va savodxonligini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, imlo qoidalariga oid bilimlarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
E’tiborlisi, marafonda hindistonlik talabalar ham faol qatnashib, o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.
[gallery-32070]
Mazkur tadbir ona tilimizning boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni oshirishga xizmat qildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA