“Zamonaviy kasblar” tanlovi yoshlar kreativligini oshirmoqda
Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli texnologiyalar asrida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarga talab har qachongidan ham yuqori. Mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni istiqbolli sohalarga yo‘naltirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
️Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Zamonaviy kasblar” tanlovi buning yaqqol isbotidir. Ayni kunlarda ushbu nufuzli bellashuvning saralash bosqichlari respublikamizning barcha hududlarida yuqori ko‘tarinkilik va shijoat bilan davom etmoqda.

“Zamonaviy kasblar” tanlovi yoshlar orasida raqamli texnologiyalar, dasturlash va zamonaviy yo‘nalishlarni ommalashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.Tanlov davomida yoshlar o‘z bilimlari, iste’dodlari va ijodiy yondashuvlarini namoyish etdilar.
Uch ta yo‘nalishni qamrab olgan tanlov, eng yaxshi mobilografiya ishi, eng yaxshi veb-sayt, eng yaxshi grafik dizayn kabi shartlarni o‘z ichiga oldi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ushbu tanlov bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarning Veb-sayt yaratishda innovatsion g‘oyalar va dasturlash mahorati, Grafik dizayn yaratishda ijodkorlik va betakror tasavvurlari hamda Mobilografiya yo‘nalishida har bir kadrda kreativlik va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.

Tanlov yoshlarning ijodkorligi, bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etish, zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘z salohiyatini sinovdan o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratdi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA