Sho‘ro‘zak kollektorida suv ifloslanishi holati aniqlandi
Sirdaryo tumanidagi Sho‘ro‘zak kollektorida suv ifloslanishi holati aniqlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bosh boshqarmaga kollektorning ifloslanganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaat asosida davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganish davomida Sirdaryo tumanidagi Sho‘ro‘zak va Peshengdon kanallaridan, shuningdek, «PENG-SHENG CHARM» MCHJga qarashli korxonaning oqova suvlaridan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning oqova suvlarni tozalash inshootidan chiqarilayotgan suv tarkibida ammoniy ioni, nitritlar, fosfatlar hamda sintetik yuzaki faol moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, Sho‘ro‘zak kollektorida suv sathining pastligi va oqim tezligining sustligi qayd etilgan. Bu holat ifloslantiruvchi moddalarning suvda to‘planishiga, erigan kislorod miqdorining kamayishiga hamda baliqlar va boshqa suv organizmlarining yashash sharoiti yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, oqova suvlar tarkibidagi organik moddalarning parchalanishi natijasida badbo‘y hidlar paydo bo‘lib, kollektor atrofida istiqomat qiluvchi aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud.

Mazkur holat yuzasidan korxonaning mas’ul mansabdor shaxsiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 72 va 95-moddalariga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan salbiy ta’sir uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Bundan tashqari, korxonaga berilgan majburiy ko‘rsatmalar belgilangan muddatda to‘liq bajarilmaganligi aniqlangan. Shu munosabat bilan, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar korxona faoliyatini to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqish uchun to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborilgan.

Ekologik talablarga rioya etish, oqova suvlarni belgilangan me’yorlar asosida tozalash va suv resurslarining ifloslanishining oldini olish atrof-muhitni muhofaza qilishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri