O‘zbek kulolchiligi Xitoyda e’tirof etilmoqda
Shu kunlarda Xitoyning Szindechjen shahrida “2026 China Jingdezhen International Ceramic Expo” xalqaro kulolchilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar qatorida O‘zbekiston ham o‘z milliy hunarmandchiligi va boy madaniy merosini namoyish etmoqda.

Ko‘rgazmadagi O‘zbekiston milliy pavilonida o‘zbek kulolchiligiga oid noyob namunalar, jumladan, moviy va feruza rangli laganlar, nafis ko‘zalar, qo‘lda bezatilgan choy to‘plamlari hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari taqdim etilgan.

Milliy stendimiz mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar, san’atshunoslar hamda xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mehmonlar o‘zbek kulolchilik maktablarining ko‘p asrlik an’analari, milliy naqshlar jozibasi va hunarmandlarimizning yuksak mahorati bilan yaqindan tanishmoqda.

Ma’lumki, mamlakatimiz hunarmandchiligining xalqaro maydonda namoyish etilishi milliy madaniy merosimizni dunyoga keng targ‘ib qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zbek ustalarining ijodiy salohiyatini xalqaro miqyosda tanitishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA