Yosh posbonlar va’da berishdi
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan shahridagi “Uch favvora” xiyobonida umumta’lim maktablari negizida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o‘quvchilari ishtirokida tantanali va’da berish marosimi o‘tkazildi. Vatanga muhabbat va fidoyilik xislatlarini o‘zida ifoda qilgan mazkur tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari, hokimliklar va ta’lim muassasalari mutasaddilari hamda nuroniylar, ota-onalar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida, jismonan sog‘lom va ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashda “Jasorat maktab”larining ahamiyati katta ekanligini ta’kidlashdi.
O‘quvchilar mamlakatimiz bayrog‘i ostida Yangi O‘zbekistonga munosib farzandlar bo‘lish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, intizomga rioya qilish va yurt tinchligini qadrlashga tantanali ravishda va’da berdilar.
Tadbirda Chortoq tumanidagi 9-sonli umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari faolligi bilan ajralib turdi. “Jasorat maktabi” nomini olgan ushbu ilmgohda bugungi kunda 5,6-sinflarda o‘qiyotgan 52 nafar o‘quvchi harbiylikka tayyorgarlik ko‘nikmalarini o‘zlashtirishmoqda.
Uy bekasi Oysara Jo‘raboyevaning to‘ng‘ich farzandi ayni paytda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda shartnoma asosida faoliyat yuritmoqda. Zobit akasi Jasurga havas qilgan kichik singil Oysha Abdullajonova ko‘plab nomzodlar orasida sinovlardan sabot va bilimi bilan muvaffaqqiyatli o‘tib, “Jasorat maktabi”ning 5-sinfida o‘qimoqda. Uning orzusi kelajakda harbiy bo‘lib, general unvonigacha ko‘tarilish.
Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Ismoil O‘rinboyevning ma’lum qilishicha, Namanganda hozirda 14 ta “Jasorat maktabi” faoliyat olib borib, ularda 728 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Yaqinda boshlangan o‘quv yilida 364 o‘quvchi qabuliga har bir o‘rin uchun sakkiz nafar da’vogar bellashganligini alohida aytib o‘tish darkor.
Jasorat sinflarini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga ko‘ra, oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik oliygohlarga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma taqdim qilinadi.
[gallery-32004]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari