Osoyishtalik yo‘li: 35 yillik taraqqiyot va yangi marralar
Jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘tgan 35 yil davomida bu borada qanday islohotlar amalga oshirildi? Patrul-post xizmati, mahalla huquq-tartibot maskanlari va raqamli texnologiyalar tizim samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi, professor Sanjar Sharipov bilan shu mavzuda suhbat uyushtirdi.
— Ichki ishlar organlarining 35 yillik taraqqiyot yo‘li qanday kechdi?
— Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlatning eng muhim vazifalaridan biridir. Buning kundalik hayotdagi ifodasi ko‘cha va xiyobonlardagi tartib, mahalladagi xavfsiz muhit, ommaviy tadbirlardagi osoyishtalik va fuqarolar murojaatiga o‘z vaqtida munosabatda namoyon bo‘ladi. 25-oktabr mamlakatimizda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Ichki ishlar organlarining 35 yillik taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, jamoat tartibini saqlash tizimi ham katta o‘zgarishlarni bosib o‘tganini ko‘ramiz. Dastlab milliy huquq-tartibot tizimining tashkiliy, huquqiy va kadrlar poydevori shakllantirildi, patrul-post xizmati, tayanch punktlari, profilaktika inspektorlari instituti va jamoatchilik bilan hamkorlik mexanizmlari izchil rivojlantirildi. Shu tariqa jamoat tartibini saqlashning milliy modeli qaror topib, keyingi islohotlar uchun mustahkam asos yaratildi.
— Keyingi yillarda sohadagi islohotlarning eng muhim jihati nimada?
— Eng muhim o‘zgarish — xizmat falsafasining yangilanganida. 2016-yildan sohadagi islohotlar yangi mazmun kasb etdi. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun bilan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkamlandi. 2017-yildagi keng ko‘lamli islohotlar esa nafaqat tuzilmani, balki xizmat falsafasini ham o‘zgartirdi. “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” g‘oyasi asosiy mezonga aylanib, aholi bilan ochiq muloqot, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoatchilik bilan hamkorlik va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Jamoat tartibini saqlash bo‘linmalarida vazifalarni aniq taqsimlash, xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish va zamonaviy ish usullarini qo‘llashga asoslangan tartib shakllandi. Shu tariqa xizmat faqat sodir bo‘lgan huquqbuzarlikka munosabat bildirishdan uni oldindan bartaraf etish, xavfni baholash va kuch-vositalarni vaziyatga qarab boshqarishga yo‘naltirildi.
— Patrul-post xizmati faoliyatida qanday yangiliklar joriy etildi?
2018-yilda Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida patrul xizmatini tashkil etishning yangi mexanizmlari joriy etildi. Kechki va tungi vaqtlarda kuchlarni maqsadli jalb etish, uch smenali xizmat, avtomobil va piyoda patrullashni uyg‘unlashtirish, kriminogen vaziyatga qarab yo‘nalishlarni o‘zgartirish va hodisa joyiga eng yaqin naryadni yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Natijada patrul naryadi qat’iy marshrut bo‘yicha harakatlanuvchi xizmatdan vaziyatga tez moslasha oladigan harakatchan kuchga aylandi. Kuch va vositalarni aholiga yaqin joylashtirish, kriminogen holatdan kelib chiqib patrullash yo‘nalishlarini belgilash va mobil boshqaruvni kuchaytirish zamonaviy xizmatning muhim belgisiga aylandi. 2022-yilda esa patrul-post xizmati saf bo‘linmalarini avto va mototransport vositalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash, ayrim hududlarda otliq otryadlarni rivojlantirish choralari belgilandi.
— Mahalla huquq-tartibot maskanlarining tashkil etilishi qanday ahamiyatga ega?
—2021-yilda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya yo‘nalishlarini bir tizimda muvofiqlashtirish imkonini beruvchi Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etildi. Bu “respublika – viloyat – tuman – mahalla” zanjiri asosida yaxlit boshqaruvni shakllantirishga xizmat qildi.
2021-yil 29-noyabrda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining qabul qilinishi islohotlarni yagona davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Jamoat xavfsizligi inson huquqlari, jamiyat barqarorligi va turli tahdidlardan himoyalanganlik bilan uzviy bog‘landi. Shu tariqa jamoat tartibini saqlash alohida patrul xizmati doirasidan chiqib, integratsiyalashgan jamoat xavfsizligi tizimining muhim tarkibiy qismiga aylandi.
2022-yilda qabul qilingan qaror asosida 2023-yildan patrul-post xizmati faoliyatiga “E-patrul” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boshlandi. Fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni ichki ishlar organiga olib borish o‘rniga ma’lumotlarni joyida planshet orqali tekshirish, xodim bilan fuqaro muloqotini bodikamera orqali qayd etish imkoniyati yaratildi.
Bu fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini kamaytirish, xodim vaqtini tejash, tekshiruvni tezlashtirish va xizmat shaffofligini oshirishga xizmat qildi. Raqamlashtirish shu tariqa xodimni almashtiruvchi emas, balki uning imkoniyatini kengaytiruvchi vositaga aylanmoqda. Jamoat xavfsizligi konsepsiyasida esa turli bo‘linmalar axborot tizimlarini “E-jamoat xavfsizligi” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida integratsiya qilish vazifasi belgilandi.
— Malakali kadrlar tayyorlash borasida qanday vazifalar belgilangan?
— Jamoat xavfsizligi sohasida xodimning kasbiy bilimi, psixologik bardoshliligi va tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tizim samaradorligi, avvalo, xodimning bilimi, kasbiy mahorati va tezkor vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila olishiga bog‘liq. Shu bois kadrlar tayyorlash tizimi ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
2026-yilda Jamoat xavfsizligi universitetini ushbu sohada kadrlarni maqsadli tayyorlashga ixtisoslashtirish, jumladan, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, dual ta’limni kengaytirish va kursantlarni amaliyotga yaqin sharoitda o‘qitish belgilandi. O‘quv jarayoniga xavf-xatar tahlili, profayling, CPTED, OSINT, geoaxborot tizimlari, uchuvchisiz uchish qurilmalari va sun’iy intellekt kabi zamonaviy yo‘nalishlarni kiritish ham nazarda tutildi.
Shu bilan birga, 2030-yilga qadar “maktab – litsey – texnikum – oliygoh – tarmoq – malaka oshirish” zanjiri asosida uzluksiz ta’lim klasterini shakllantirish, nostandart vaziyatlarda qaror qabul qilish, psixologik bardoshlilik va muomala madaniyati kabi amaliy kompetensiyalarni kuchaytirish belgilandi. Bu umumiy tayyorgarlikdan aniq ixtisoslashuvga, nazariy ta’limdan amaliy va uzluksiz kasbiy rivojlanishga o‘tishni anglatadi.
— Kelgusida jamoat xavfsizligini ta’minlashda qaysi yo‘nalishlar ustuvor bo‘ladi?
Birinchi navbatda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va mas’ul tuzilmalar hamkorligini kuchaytirish muhim. Ana shunday jihatlarni inobatga olgan holda jamoat tartibini saqlash sohasidagi yangilanishlar davom etmoqda. 2026-yilda jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish, profilaktika, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari hamkorligini kuchaytirish, jamoat joylari, mahallalar va xonadonlarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
2026-yil 1-noyabrdan joriy etilishi nazarda tutilgan tartibga ko‘ra, “112” tizimi orqali kelib tushgan xabarlar bo‘yicha patrul-post va qo‘riqlash naryadlarining jamoat joylari bilan birga aholi xonadonlarida sodir bo‘lgan hodisalarga ham tezkor yetib borishi, patrul yo‘nalishlarining mahallalar ichki ko‘chalarini ham qamrab olishi belgilandi.
O‘tgan 35 yillik taraqqiyotni bir nechta ramziy qiyosda ifodalash mumkin: tayanch punktlaridan mahalla huquq-tartibot maskanlariga, an’anaviy patrullashdan “Ye-patrul”ga, qat’iy marshrutlardan kriminogen vaziyatga mos tezkor boshqaruvga, alohida xizmatlardan integratsiyalashgan jamoat xavfsizligi tizimiga o‘tildi.
Bu yutuqlar zamirida ichki ishlar organlarida xizmat qilgan va bugun ham xalq osoyishtaligi yo‘lida mehnat qilayotgan avlodlarning kasbiy tajribasi va burchga sadoqati mujassam. Zero, barcha islohotlar, zamonaviy texnika va boshqaruv mexanizmlarining bosh maqsadi bitta – insonning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash.
Ichki ishlar organlarining 35 yilligi va 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni ana shu sharafli yo‘lni sarhisob qilish, erishilgan natijalarni e’tirof etish va yangi taraqqiyot marralarini belgilash uchun muhim fursat.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Hamroz Bayanov suhbatlashdi.