Tibbiy xizmatlar rivoji iqtisodiy o‘sish va sifat ko‘rsatkichlarida
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ustuvor qo‘ygan holda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va ko‘lamini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy statistika qo‘mitasining joriy yil yanvar–avgust oylari yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan ma’lumotlari bu boradagi ijobiy o‘zgarishlarning yaqqol amaliy natijasidir. Xususan, hisobot davrida mamlakatimizda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar hajmi 16 trillion so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 15,7 foizga o‘sgani sohaga qaratilayotgan e’tibor va sarmoyalarning samaradorligidan dalolat beradi.
Ushbu raqamlarning tahlili tibbiyot tizimida xizmatlar strukturasi bosqichma-bosqich takomillashib borayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, jami ko‘rsatilgan xizmatlarning 31,1 foizi shifoxona muassasalari ulushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 13,9 foizi xususiy va davlat sektoridagi shifokorlik amaliyoti hamda zamonaviy stomatologiya xizmatlarini tashkil etdi. Eng katta ulush — 55,0 foiz esa boshqa ixtisoslashtirilgan sog‘liqni saqlash xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelishi sohaning statsionar davolanish, shu bilan birga, ambulator, profilaktik va innovatsion yo‘nalishlarda ham jadal rivojlanayotganini bildiradi.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar mamlakatimizda tibbiy infratuzilmaning rivojlanish dinamikasini yaqqol namoyon etadi.
Xususan, poytaxtimiz Toshkent shahri (7,4 trln. so‘m), Toshkent (1,7 trln. so‘m) va Samarqand (1,2 trln. so‘m) viloyatlari xizmatlar hajmi bo‘yicha yetakchilik qilayotgani yirik tibbiy markazlarning salohiyati bilan izohlanadi. Shu bilan birga, Farg‘ona, Namangan, Andijon kabi aholi zich joylashgan vodiy viloyatlari hamda boshqa hududlarda ham yuqori o‘sish sur’atlari qayd etilayotgani tibbiy xizmatlarning geografik jihatdan yanada yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi.
Aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari ortgani, xususiy sektorning jadal rivojlanishi va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining hayotga tatbiq etilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sohaga kiritilayotgan investitsiyalar natijasida joylarda tor soha mutaxassislarining xizmatlari sifati yaxshilanib, odamlarning tuman va shahar markazlaridagi tibbiyot muassasalariga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada oshdi.
Bundan tashqari, tibbiy xizmatlar bozorining kengayishida raqamlashtirish jarayonlarining o‘rni beqiyos. Elektron navbat tizimlari, imtiyozli yo‘llanmalarning raqamli platformalarga o‘tkazilishi, shuningdek, dori vositalarini markirovka qilish va shaffof ta’minot zanjirining yaratilishi sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi. Bu, o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishi hamda mablag‘larning manzilli sarflanishiga xizmat qilmoqda.
Kelgusida ushbu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash, xususan, olis va chekka hududlardagi aholiga ham yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni to‘liq yetkazish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tibbiyot xizmatlari hajmining barqaror o‘sishi nafaqat iqtisodiy faollikni, balki jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi madaniyatining tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA