Yordamchi xo‘jaliklar daromad manbai
Qaror va ijro
Toshkent viloyatida suv xo‘jaligi tizimida yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Ayniqsa, har bir ob’ekt imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda turli yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish tajribasi o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli tizim tashkilotlari tomonidan 2026-yil davomida ishchi xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, baliqchilik va asalarichilik kabi yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish maqsadida 487 bosh qora mol, 1 ming 483 bosh qo‘y, 1409 ta echki, 7490 ta kurka, 31225 ta tovuq, 16 ming tadan ziyod o‘rdak, 4 ming 363 ta g‘oz, 13 ming 68 ta quyon, 27 ming 255 ta bedana parvarishlanyapti. Shu bilan birga, 69 gektar maydonda baliq hovuzi tashkil etilib, 1 ming 499 ta asalari qutisi joylarga o‘rnatildi.
Mazkur sa’y-harakatlar tufayli yetishtirilgan go‘sht mahsulotlaridan xodimlarga tarqatiladi. Bunday e’tibor aslida yurtimiz oziq-ovqat zaxirasiga hissa qo‘shish barobarida, fidoyi suvchilarning turmush farovonligi va mehnat unumdorligi oshishiga hamda qo‘shimcha daromad topishiga ham xizmat qiladi.
Xususan, shu kunlarda Prezidentimizning 2017-yil 19-yanvardagi tegishli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrda tasdiqlangan tegishli Nizomi ijrosini ta’minlash maqsadida hududda keng qamrovli o‘rganish ishlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlar suv xo‘jaligi tizimida qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash, moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

O‘rganishlarda Suv xo‘jaligi vazirligi Yuridik xizmat va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi bosh yurist-konsultanti Faxriddin Soliyev, Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Ohangaron-Dalvarzin irrigatsiya tizimi boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Jarayon davomida sohada yuritilayotgan shartnomalarning qonuniyligi, mablag‘ tushumlarining vazirlikni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘z vaqtida va maqsadli yo‘naltirilishi, shuningdek, yordamchi xo‘jaliklar faoliyati samaradorligi yuzasidan tahliliy o‘rganishlar amalga oshirildi. Mas’ullar tomonidan hujjatlar yuritilishi, hisob-kitob ishlarining to‘g‘ri tashkil etilgani va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish holatlari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

O‘rganishlar davomida Ohangaron-Dalvarzin ITB tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishildi. Xususan, yordamchi xo‘jalikda yo‘lga qo‘yilgan chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va asalarichilik tarmoqlarining bugungi holati ko‘zdan kechirildi. Ushbu yo‘nalishlarda mahsuldorlikni oshirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va xo‘jalik faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan mas’ullarga amaliy tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan ish jarayonlarini yanada takomillashtirish, tartib-intizomni kuchaytirish va qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bunday o‘rganishlar suv xo‘jaligi tizimida ochiqlik va samaradorlikni ta’minlash, tarmoq faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning izchil davom etishiga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.