Davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlashda yangi huquqiy mexanizm
Qonun loyihasiga sharh
Davlat chegarasi — muqaddas. Uni yashirin yo‘llar bilan noqonuniy kesib o‘tish, turli ko‘rinishdagi tovar va mahsulotlarni yashirincha chegaradan olib o‘tish kabi holatlar mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida baholanadi. Endilikda qonunchiligimizga kiritilayotgan yangi normalar bilan davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlash, davlat chegarasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva batafsil tushuntirish berdi:
— So‘nggi yillarda dunyoda transmilliy jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari, xususan, davlat chegaralarini noqonuniy kesib o‘tish, kontrabanda va yashirin infratuzilmalar orqali xavfsizlikka tahdid solish holatlari tobora kuchayib bormoqda. Bu esa har bir davlatdan milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni doimiy takomillashtirib borishni talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar, tunnellar yoki boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish hamda bunday faoliyatni moliyalashtirilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Keyingi yillarda ayrim davlatlarda noqonuniy tunnellar orqali tovarlar, qurol-yarog‘, giyohvand moddalar va shaxslarni yashirin ravishda olib o‘tish holatlari kuzatilmoqda. Mamlakatimizda ham 2016-2025-yillar oralig‘ida 12 ta yashirin tunnellar aniqlangan. Birgina Farg‘ona va Andijon viloyatlarida tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar yashirincha olib kirilgan. Bu kabi fakt va raqamlar yuqoridagi qonun tashabbusining naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
Qonun loyihasining muhim jihatlaridan biri — davlat chegarasi orqali yer ostida qurilgan noqonuniy tunnellar yoki infratuzilma ob’ektlaridan foydalanib bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish yoki noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tish holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilayotganidir. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali huquqiy asos yaratadi.
Shuningdek, qonun loyihasida profilaktik yondashuv ham nazarda tutilgan. Xususan, birinchi marta ushbu turdagi huquqbuzarlikni sodir etgan va o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berib, jinoyatni ochishga yordam bergan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi belgilanmoqda. Bu esa jinoyatlarni erta aniqlash va oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tashabbus nafaqat davlat chegarasining daxlsizligini ta’minlashga, balki mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga ham xizmat qiladi. Chunki noqonuniy tunnellar orqali tovarlar harakatlanishi davlat byudjetiga katta iqtisodiy zarar yetkazishi, “yashirin iqtisodiyot” ko‘lamini oshirishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun loyihasi davlat chegarasini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda mamlakat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Muhtarama Komilova yozib oldi,
O‘zA