Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi (+video)
Yoshlar kuni munosabati bilan “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov hamda mehribonlik muassasalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan, hozirda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Milliy gvardiya tomonidan yoshlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar aks etgan qisqa videorolik namoyish etildi.
Mutasaddilar mamlakatimizda yoshlar uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, bugungi kunda yoshlarning IT sohasi va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini chuqur o‘zlashtirishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi muhim ekani qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Milliy gvardiya tavsiyasi asosida bugungi kunda 1433 nafar yosh Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilgan. Mazkur uchrashuv ham ana shu ezgu ishlar izchil davom etayotganining amaliy ifodasidir.
Tadbirning eng muhim qismi rahbarlar va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqot bo‘ldi. Yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini erkin bayon etar ekan, ularning fikrlaridagi teran mushohada, bilim va keng dunyoqarash rahbarlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, 10 nafar yoshning murojaatlari va mazmunli savollari Yangi O‘zbekiston yoshlari har tomonlama iqtidorli va salohiyatli ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, Milliy gvardiya saflarida amaliyot o‘tash va kelgusida gvardiyachi bo‘lish istagini bildirgan yoshlarning murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, tegishli tavsiyalar berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QDSNOD1jIzk" title="Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
S.Obidjonov (montaj), O‘zA