Yolg‘on va’da uchun 65 million so‘m oldi, lekin...
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida xorijda ishlash orzusidan foydalanib, firibgarlik qilgan shaxsning qilmishi fosh etildi. “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi” deganlaridek, aldov ortidagi haqiqat baribir yuzaga chiqdi.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, X.U. ismli shaxs fuqaro A.N.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini Koreya Respublikasiga ishga jo‘natishni va’da qilgan. Bu “xizmat” uchun u 65 million so‘mni qo‘lga kiritgan. Aslida esa bu va’da hech qanday asosga ega bo‘lmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qonunga ko‘ra, bunday qilmish jazosiz qolmaydi — aybdorga nisbatan tegishli huquqiy choralar qo‘llanilishi muqarrar.
Bu voqea yana bir bor shuni ko‘rsatmoqdaki, oson yo‘l izlab, shubhali takliflarga ishonish ko‘pincha afsus bilan yakun topadi. “Yolg‘onning umri qisqa” degan naql bejiz aytilmagan.
Mutaxassislar chet elda ishlashni istagan fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga, xususan, Migratsiya agentligiga murojaat qilishga chaqirmoqda. Zero, qonuniy yo‘l — xavfsizlik va kafolat demakdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri