Dala ishlari qizg‘in: hosil uchun muhim palla
FOTOREPORTAJ
Bugun qishloq xo‘jaligida mas’uliyatli va dolzarb palla kechmoqda. Ayni kunlardagi har bir agrotexnik tadbir kelgusi hosil taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Xususan, g‘alla maydonlarida mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, begona o‘tlar, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari belgilangan muddat va me’yorlar asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, chigit ekiladigan maydonlarda yerni sifatli tayyorlash, jumladan, baranalash ishlari ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
[gallery-28463]
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Jamshid Ibrohim Shohjahon” hamda “Anortog‘” fermer xo‘jaliklarida ham bu ishlar uyushqoqlik bilan tashkil etilgan. Mirishkor dehqonlar har bir agrotadbirni mas’uliyat bilan bajarib, mo‘l va sifatli hosil yetishtirishni asosiy maqsad qilib olgan.
Shuningdek, hududda suv resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda. Xususan, “Jamshid Ibrohim Shohjahon” fermer xo‘jaligida “Shinjon” usulidagi sug‘orish tizimini o‘rnatish ishlari boshlangan.
Mazkur texnologiyada suv maxsus quvurlar orqali bosim bilan uzatilib, mayda tomchilar shaklida maydonga teng taqsimlanadi. Bu esa suv tejalishi, tuproq namligining barqaror saqlanishi va ekinlar rivoji uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday ilg‘or usullarning joriy etilishi mehnat unumdorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish hamda yuqori hosildorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA