Azaliy do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi
O‘zbek va tojik xalqlari asrlar davomida mushtarak tarix, yagona ma’naviy qadriyatlar va ajralmas qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bugun ana shu azaliy birlik zamonaviy siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik natijasida mutlaqo yangi strategik mazmun bilan boyimoqda.
2026-yil 26-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan ulkan siyosiy voqea bo‘ldi. Mazkur tashrif o‘zaro ishonch va strategik sheriklikning yorqin ifodasi sifatida nafaqat ikki davlat aloqalarini mustahkamlashga, balki Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

1992-yilda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar so‘nggi yillarda oliy darajadagi qat’iy siyosiy iroda tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2018-yildan buyon faollashgan oliy darajadagi tashriflar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochdi. Bu jarayonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasida qaror topgan ochiq va samimiy muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

2026-yilgi tashrifning tarixiy natijalaridan biri — O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani bo‘ldi. Ushbu format hamkorlikni aniq rejalar va tizimli mexanizmlar asosida rivojlantirish imkonini beradi. Muzokaralar yakunida Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot hamda turli sohalarni qamrab olgan muhim hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
Iqtisodiy aloqalar bugungi kunda hamkorlikning eng harakatchan yo‘nalishiga aylandi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 912,3 million dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 30 foizga o‘sdi. Tomonlar oldiga 2028-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu maqsadga erishish uchun «Oybek – Fotihobod» chegaraoldi savdo markazini tashkil etish, «E-Permit» raqamli tizimini joriy qilish va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Investitsiyaviy hamkorlik ham izchil kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokida 343 ta, Tojikistonda esa O‘zbekiston ishtirokida 71 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda 427 million dollardan ortiq sarmoya o‘zlashtirilgani iqtisodiy integratsiya chuqurlashayotganidan dalolat beradi. Davlat tashrifi doirasida ishga tushirilgan 10 ta yirik qo‘shma loyiha yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Transport sohasida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Dushanbe – Toshkent temir yo‘l qatnovi tiklangani, muntazam avtobus yo‘nalishlari va haftasiga 10 tagacha aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani ikki xalqning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirdi. 2025-yilda yuk tashish hajmi 9,9 million tonnani tashkil etdi.
Madaniy-gumanitar aloqalar ikki xalq do‘stligining ma’naviy poydevoridir. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar, ta’lim va yoshlar almashinuv dasturlari tarixiy yaqinlikni mustahkamlamoqda. O‘zbekistondagi 253 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib borilayotgani qardoshlikning amaliy ifodasidir.
Xalqaro maydonda BMT, SHHT, MDH va IHT doirasidagi muvofiqlashtirilgan harakatlar ikki davlatning tashqi siyosiy qarashlari mushtarakligini tasdiqlaydi. Ayniqsa, 2025-yil 31-martda Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan uch tomonlama uchrashuv va davlat chegaralari tutash nuqtasi bo‘yicha shartnomaning imzolanishi mintaqaviy xavfsizlik yo‘lidagi tarixiy voqea bo‘ldi.
Aslida O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani uzoq muddatli ishonch va siyosiy irodaning natijasidir. Bu sheriklik nafaqat ikki davlat milliy manfaatlariga, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Olimjon O‘SAROV,
Mudofaa vazirining vatanparvarlik
targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar
hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
O‘zA