Yirik musobaqalar oldidan sinov
Namangan shahrining Davlatobod tumani sport maktabi shotokan karate-do bo‘yicha Namangan viloyati birinchiligiga mezbonlik qildi.
Sportning ommalashib borayotgan sharqona yakkakurash turi bo‘yicha tashkil etilgan musobaqa mamlakatimiz madhiyasi sadolari ostida start oldi. Turnirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston shotokan karate-do assotsiatsiyasi asoschisi Ho‘jamqul Xo‘jaqulov, tashkilot vitse-prezidenti Temur Mirakilov hamda Namangan viloyati shotokan karate-do assotsiatsiyasi prezidenti Ilhomjon Qosimovlar ishtirok etishdi.

Musobaqada viloyatning barcha barcha shahar va tumanlaridan kelgan 200 nafardan ziyod, 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar 49 ta vazn toifasida bellashishdi. Tatamida har bir harakat, har bir zarba va taktik yurish sportchilarning o‘z ustida ishlashi, murabbiylarning mashaqqatli tarbiyasi natijasini ko‘rsatdi. G‘oliblikka bo‘lgan kuchli ishtiyoq va mahorat tomoshabinlarga unutilmas, hayajonli onlarni ulashdi.

Birinchilikning yakuniy natijalariga ko‘ra, Kosonsoy tumani sportchilari umumjamoaviy hisobda eng yuqori natijalarga erishib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. To‘raqo‘rg‘onlik sharqona yakkakurash vakillari faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi. Namangan shahri shotokanchilari esa shohsupaning kuchli uchligini yakunlab berishdi.
Turnir yakunida, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Viloyat va respublika terma jamoalari tarkibi uchun saralash vazifasini o‘tab bergan ushbu musobaqa nafaqat kuchlilarni aniqlash, balki kelgusida yurtimiz va xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan bo‘lg‘usi chempionlarni kashf etishda muhim o‘rin tutadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri