Yosh chavandozlar Toshkentda saralandi
Toshkentda ot sportining ot yo‘rttirish (viezdka) yo‘nalishi bo‘yicha “Uzbekistan Global Tour Dressage 2026” musobaqalar seriyasining II bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabida tashkil etilgan musobaqa O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining 33 yilligiga bag‘ishlandi. Unda 30 nafardan ziyod sport juftligi ishtirok etib, turli yosh va tayyorgarlik darajasidagi chavandozlar bir nechta dastur bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Xususan, bolalar o‘rtasida majburiy dasturda Yeva Ivanova “Akdam” laqabli ot bilan g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, boshlang‘ich darajadagi chavandozlar o‘rtasida Yeva Koledinskaya “Sulton” nomli otida birinchi o‘rindan joy oldi. O‘smirlar o‘rtasida “HELPPO 6” dasturida Robiya Kazimova (Varley), kattalar orasida “FEI Challenge Cup” musobaqasida Alyona Bayaxmedova (Xetmen) eng yaxshi natija qayd etdi.
“Uzbekistan Global Tour Dressage 2026” II bosqichi turli yosh va tayyorgarlik darajasidagi chavandozlarga o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish, tajribasini oshirish va ot bilan uyg‘un harakatlanish ko‘nikmalarini takomillashtirish imkonini berdi.
Javohir Tosho‘jayev, O‘zA