Uch nafar tennischimiz Xitoyda bosh sovrinni ko‘zlamoqda
Xitoyning Pekin shahrida ayollar o‘rtasida WTA 1000 turkumiga kiruvchi “China Open — 2026” xalqaro turnirida mamlakatimizning eng kuchli uch nafar tennischisi Kamilla Rahimova, Mariya Timofeyeva hamda Polina Kudermetova ishtirok etadi.
Nufuzli musobaqaning yakkalik bahslariga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Kamilla Rahimova ilk davrada ispaniyalik Marina Bassols Riberaga qarshi kortga chiqsa, Polina Kudermetova mirslik Mayar Sherif bilan birinchi bosqichda to‘qnashadi. Mariya Timofeyeva esa dastlabki uchrashuvini chexiyalik Darya Vidmanovaga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, “China Open — 2026” turniri 30-sentabr kunidan 11-oktabr sanasiga qadar davom etadi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 9 million 415 ming 725 AQSH dollarini tashkil etmoqda. Turnirning ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahsi g‘olibi 1 million 151 ming 380 AQSH dollari mukofot puli va 1000 reyting ochkosiga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA