Yevropada o‘rmon yong‘inlari: ommaviy evakuatsiya davom etmoqda
Fransiyaning janubi-g‘arbidagi Jironda hududida avj olgan o‘rmon yong‘inlari Bordo shahri tomon yaqinlashmoqda. Oxirgi bir kechada yana 55 ming kishi xavfsiz joylarga ko‘chirildi.
Shu tariqa mintaqada evakuatsiya qilinganlar soni 220 ming nafarga yetdi. Ayni paytda Ispaniya poytaxti Madrid atrofidagi yong‘inlar hamon davom etayotgan bo‘lsa-da, rasmiylar vaziyat asta-sekin nazoratga olinayotganini bildirmoqda.
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning ta’kidlashicha, kuchli shamol va qurg‘oqchilik olovni jilovlashni ancha qiyinlashtirgan. Hozirgacha 42 ming gektardan ortiq o‘rmon va butazor maydoni kuyib ketgan. Bu Parij hududidan qariyb to‘rt barobar katta maydonga teng.
Tabiiy ofatni bartaraf etish ishlariga 2 500 nafar o‘t o‘chiruvchi, 18 ta samolyot va vertolyot, shuningdek harbiylar jalb qilingan. Alangaga qarshi kurashda qo‘shni davlatlar ham havodan yordam ko‘rsatmoqda. Dehqonlar esa maxsus suv idishlari orqali qutqaruvchilarni uzluksiz suv bilan ta’minlayapti. Amaliyotlar davomida 75 nafar o‘t o‘chiruvchi turli jarohatlar olgan, yuzlab uylar esa yong‘indan zarar ko‘rgan.
Ispaniyada ham vaziyat og‘irligicha qolmoqda. 76 ming kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan, yana 30 ming aholiga uyidan chiqmaslik tavsiya etilgan. Valensiya viloyatida bir kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches oldinda hali qiyin soatlar borligini aytgan bo‘lsa-da, tungi sa’y-harakatlar natijasida olov tarqalishi ma’lum darajada cheklangani qayd etildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA