Sietlda otishma: politsiya gumonlanuvchini qidirmoqda
AQSHning Sietl shahrida joylashgan “Seattle Center” majmuasida yuz bergan ommaviy otishma oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, kamida besh kishi turli darajadagi jarohatlar oldi.
“The Seattle Times” nashrining ma’lum qilishicha, fojia yakshanba kuni oqshomida, minglab odamlar “Bite of Seattle” taomlar festivalida hordiq chiqarayotgan bir vaqtda sodir bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 18:00 atrofida ketma-ket o‘q ovozlari eshitilishi bilanoq odamlar sarosimaga tushib, xavfsiz joy izlay boshlashgan. Guvohlarning aytishicha, voqea payti hududda kuchli tiqilinch yuzaga kelgan.
Jarohatlanganlar darhol “Harborview” tibbiyot markaziga yetkazilgan va ularning to‘rt nafarining ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Faqat bir nafar 56 yoshli ayol og‘ir tan jarohati olgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha tezkor harakatlarni davom ettirmoqda va politsiya aholidan hodisa joyiga yaqinlashmaslikni so‘ragan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA