Yengil atletikachilarimiz Dushanbedagi xalqaro turnirda ishtirok etadi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida yengil atletika bo‘yicha Olimpiya chempionlari Andrey Abduvaliyev va Dilshod Nazarov sovrini uchun III ochiq xalqaro turnir boshlandi.
An’anaviy tarzda tashkil etilayotgan musobaqada bir qator mamlakatlarning yetakchi yengil atletikachilari g‘oliblik uchun bahs olib boradi. Turnir dasturidan erkaklar va ayollar o‘rtasida 100, 200, 400 va 1500 metrga yugurish, 400 metrga g‘ovlar osha yugurish, 4x100 va 4x400 metr estafeta, uzunlikka hamda balandlikka sakrash, shuningdek, bosqon va disk uloqtirish bahslari o‘rin olgan.

Musobaqalar Dushanbe shahridagi Markaziy stadion hamda Jismoniy tarbiya instituti sport inshootlarida tashkil etiladi.
Mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasining 11 nafar a’zosi ishtirok etadi. Hamyurtlarimiz yengil atletikaning sakkiz yo‘nalishi bo‘yicha medallar uchun kurash olib boradi.
Jumladan, Jonbibi Hukmova, Nurxon Ochilova va Hasanbek Rustamjonov 400 metrga yugurish bahslarida qatnashadi. Sulton G‘ofurjonov, Laylo Allaberganova hamda Lidiya Podsepkina 100 metr masofada o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Zarina Nosirjonova, Elina Silyamiyeva va Muhammadaziz Nosirov bosqon uloqtirish, Dunyozod Sayfulloyev hamda Yulianna Shukina disk uloqtirish bahslarida ishtirok etadi.
Musobaqa sportchilarimiz uchun mavsumning muhim startlaridan biri bo‘lib, xalqaro tajriba to‘plash va reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkoniyatini taqdim etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA