“UzChess Cup 2026”: Nodirbek Abdusattorov bugun Muhiddin Madaminovni imtihondan o‘tkazadi
Poytaxtimizda jahon shaxmat ishqibozlari va mutaxassislari e’tiborida bo‘lgan “UzChess Cup 2026” xalqaro turniri "Masters" guruhidagi 6-tur o‘yinlari ortda qoldi.
Kecha "Masters" guruhida Shamsiddin Vohidov oq donalarda Nodirbek Yoqubboyev bilan, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Neymann Xans Moke bilan murosa yo‘lini tanlagan vaziyatda mahoratli shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov oq donalarda hindistonlik Vidit Santoshni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ushbu turda rossiyalik Yan Nepomnyashiy oq donalarda Hindiston vakili Arjun Erigaisidan ustunlikka erishgan bo‘lsa, gretsiyalik Nikolas Teodoru qora donalarda harakatlangan ozarbayjonlik Shaxriyor Mamedyarovga yutqazib qo‘ydi.
Bugun, 13-iyun kuni xalqaro turnirning 7-turida Shamsiddin Vohidov qora donalarda Shaxriyor Mamedyarovga qarshi dona sursa, Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Muhiddin Madaminovni imtihondan o‘tkazadi.

Shuningdek, ushbu turda Nodirbek Yoqubboyev-Yan Nepomnyashiy, Vidit Santosh-Nikolas Teodoru, Arjun Erigaisi- Neymann Xans Moke o‘rtasidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
7-tur o‘yinlari ostonasida Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov 4 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko bilan 3-o‘rinni band etib turibdi.
Xalqaro turnirning “Challengers” guruhida 6 ta turdan so‘ng 5 ochko jamg‘argan ozarbayjonlik Muhammad Muradli turnir jadvalini boshqarmoqda. “Futures” guruhida terma jamoamiz a’zosi Humoyun Bekmuratov va qozog‘istonlik Rinat Jumabayev 4,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.

“Open” guruhida esa 141 nafar shaxmatchi orasida o‘zbekistonlik Saidamin Omonov 5,5 ochko bilan g‘oliblikka asosiy da’vogarga aylangan. Uni ta’qib etayotgan 10 nafar ishtirokchi hisobida 5 ochko mavjud.
Eslatib o‘tamiz, umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Masters” guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 20 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi.
Ushbu guruhda ishtirok etgan barcha shaxmatchilarga belgilangan pul mukofotlari taqdim etilsa, “Challengers” guruhi g‘olibi 6 ming, “Futures” guruhi g‘olibi 4 ming hamda “Open” guruhida shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilgan shaxmatchi 2 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
9 ta turdan iborat xalqaro turnir musobaqalari 15-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA