“Olimpiya shaharchasi”: Ilmiy yondashuvlar yangi g‘alabalarning poydevorini yaratadi
Poytaxtimizda qisqa fursatda barpo etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Olimpiya shaharchasi” sport majmualari nafaqat O‘zbekiston sportining, balki xalqaro sport musobaqalarining markazi bo‘lish bilan birga, ilmiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar, izlanishlar markaziga aylanib bormoqda.
Biron kun yo‘qki, “Olimpiya shaharchasi”da qaysidir sport turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazilmasa. Sportning 50 dan ortiq turlari va yo‘nalishlari bo‘yicha har qanday darajadagi musobaqalarni qabul qila oladigan “Olimpiya shaharchasi” majmua va maydonlari har kuni sportchilar bilan gavjum.

Shu bilan birga, bu maskanda joylashgan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi, uning tizimidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy taqdiqotlar instituti, Axborot-resurs markazi olimlari, izlanuvchilari tomonidan turli tahliliy ishlar, loyihalar, dasturlar tadqiq etib kelinmoqda. Yangi-yangi dasturlar, loyihalar yaratilib, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida tadqiq etilmoqda.
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyevning ta’kidlashicha, bugungi kunda “Olimpiya shaharchasi” oddiy sport majmuasi emas, balki ilmiy yondashuv asosida faoliyat yuritayotgan zamonaviy innovatsion markazga aylangan.

-Yuqori natijalarga erishishda iste’dodning o‘zi yetarli emas. Sportchi tayyorgarligida ilmiy yondashuv, uning jismoniy va ruhiy muvozanatida mutanosiblikni tahlil etish, chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlardan keyin sportchilarning tiklanish jarayonlarini nazorat qilish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri ovqatlanishni rag‘batlantirish va individual mashg‘ulot dasturlari qatorida murabbiy-mutaxassislarning yuqori malakaga, zamonaviy bilim ko‘nikmalariga egaligi muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi I.Tursunaliyev.
Akademiyada sportchilar uchun qat’iy kun tartibi joriy etilgan bo‘lib, ertalabki badantarbiya, moslashtirilgan ta’lim jarayoni, professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladigan mashg‘ulotlar hamda sport psixologiyasi bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Aytish lozim, bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport nafaqat sog‘lom turmush tarzi, balki mamlakat nufuzini yuksaltiruvchi strategik yo‘nalish hisoblanadi. Uning tuzilmalaridagi izchil sa’y-harakatlar, izlanishlar yangi muvaffaqiyatlarni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev, O‘zA