“Yashirin olam qirralari” V xalqaro rassomlar ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining "Akademiya" galereyasida “Yashirin olam qirralari” V xalqaro rassomlar simpozium-plenari doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
“O‘ral Tansiqboyev” jamoat fondi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan mohir rassomlarning plenar davomida yaratgan asarlari namoyish etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, har bir kartina muallifning tabiat va inson uyg‘unligi, tarixiy xotira, milliy qadriyatlar hamda zamonaviy badiiy tafakkur haqidagi falsafiy mushohadalarini o‘zida mujassam etdi.
Mazkur xalqaro madaniy loyiha san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston xalq rassomi, buyuk musavvir O‘ral Tansiqboyevning boy badiiy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Ekspozitsiyadan o‘rin olgan asarlar Markaziy Osiyoning betakror tabiati, qadimiy maskanlari va boy madaniy merosini zamonaviy tasviriy san’at nigohida talqin etadi. Rang va kompozitsiyaning o‘ziga xos yechimlari orqali rassomlar tabiatning nafis go‘zalligi, inson qalbining kechinmalari va turli xalqlarning mushtarak ma’naviy qadriyatlarini yuksak badiiy mahorat bilan ifodalagan.

Ko‘rgazma turli mamlakatlar rassomlarini yagona ijodiy maydonda birlashtirib, turfa badiiy maktablar, uslublar va estetik qarashlar o‘rtasidagi samarali muloqot uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Bu yerda namoyish etilgan har bir asar nafaqat muallifning individual ijodiy qarashlarini, balki zamonaviy tasviriy san’atning yangi izlanishlari va badiiy tafakkurdagi dolzarb tendensiyalarni ham yaqqol namoyon etadi.

Ko‘rgazmada mehmonlar rassomlar bilan bevosita muloqot qilib, har bir asar ortidagi g‘oya, ilhom va ijodiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA