“Amir Temur” filmi: tarix va ma’naviyat uyg‘unligi namoyishi
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularning madaniy dunyoqarashi va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Viloyat markazidagi Boborahim Mashrab nomidagi kinoteatrda tashkil etilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida boshqarma xodimlari mamlakatimiz kinoteatrlarida namoyish etilayotgan “Amir Temur” tarixiy-badiiy filmini jamoaviy tarzda tomosha qildi.

Unda milliy davlatchilik, birlik va sadoqat g‘oyalarining teran badiiy talqini ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tomoshadan so‘ng so‘zga chiqqanlar asarda nafaqat tarixiy voqealar yoritilgani, balki yoshlarni Vatanga muhabbat, matonat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim g‘oyalar mujassam ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, buyuk bobokalonimiz Amir Temurning mustahkam irodasi, murakkab vaziyatlarda oqilona qaror qabul qila bilishi hamda yurt tinchligi va taraqqiyoti yo‘lidagi sa’y-harakatlari bugungi yoshlar uchun ham haqiqiy ibrat maktabi ekani alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davlat xizmatchilarining madaniy hordiq chiqarishi, tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashi, shuningdek, jamoada milliy g‘urur va vatanparvarlik hissini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA