Mustaqillik yillarida teatr san’atimiz yutuqlari
Yoshlarning bugungi teatr san’atiga oid fikrlari qanday? Ushbu sohada qanday yutuqlarga erishildiyu, ko‘rsatilayotgan e’tiborning natijasi qanday bo‘lmoqda?
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, dramaturg, sahna san’ati bo‘yicha o‘tkazilgan bir qator respublika ijodiy tanlovlar sovrindori, Bobur Hamroyev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

–Mustaqillik yillarida o‘zbek teatrlari qo‘lga kiritgan eng katta yutuq nimalardan iborat, sizningcha?
–Mustaqillik yillarida o‘zbek teatrlarining qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlari sifatida shuni aytishimiz mumkinki, milliy o‘zlikni qayta tiklash, tarixiy siymolarimiz va milliy qahramonlarimizni ulug‘lab qayta sahnaga olib chiqish imkoni berildi. 1991-yildan keyin teatrlarda tarixiy-dramatik asarlarga, eposlarga Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Amir Temur va Temuriylar davri mavzulariga keng murojaat qilindi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi jadid ma’rifatparvarlar siymosi sahnada asl holicha gavdalantirila boshladi.
Bu tomoshabinlarda milliy g‘urur va tarixiy his-tuyg‘uni kuchaytirishi bilan birga, mustaqillikning qadr-qimmatini teranroq anglash, uni asrab-avaylash tuyg‘ularini, Vatan, uning hurligi oldidagi mas’uliyatni tobora kuchaytirdi.
Mamlakatimizda teatrlar soni ko‘paydi (hozir 41 davlat teatri bor), repertuar erkinlashdi, raqamli texnologiyalar va zamonaviy rejissura kirib keldi. Ijodiy jamoalarda o‘z repertuarini mustaqil yaratish, badiiy yechimlar, spektakllar mavzusini erkin belgilash imkoniyati paydo bo‘ldi.
O‘zbek milliy teatrlari xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro teatr festivallarida muntazam ishtirok etib, gran-pri va oliy mukofotlarni qo‘lga kirita boshladi. Teatrlarda tarixiy shaxslar, milliy qadriyatlar va ilgari taqiqlangan mavzularni erkin yoritish imkoniyati yaratildi. Bu esa sahna asarlarining g‘oyaviy ko‘lamini kengaytirdi. Mustaqillik davrida mahalliy mualliflar tomonidan o‘zbek xalqining boy tarixi, jadidlar merosi va zamonaviy hayotini aks ettiruvchi yuzlab yangi dramatik asarlar yaratildi va sahnalashtirildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, O‘zbek Milliy akademik drama teatri va boshqa ko‘plab viloyat teatrlari binolari tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ovoz va yorug‘lik uskunalari bilan jihozlandi. Mamlakatimizning eng yetakchi teatr jamoasi – Muqimiy nomidagi teatrga O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri maqomi berildi. Ustoz san’atkorlarning ijodiy laboratoriyalari, yaratgan maktablari, ularning boy ijod yo‘lini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Barcha teatr jamoalari uchun xorijlik taniqli rejissyor va sahnalashtiruvchilar bilan hamkorlikda qo‘shma spektakllar yaratish hamda tajriba almashinuvi yangi bosqichga ko‘tarildi. Sohada yosh rejissyorlar, aktyorlar va dekoratorlarning o‘z ijodiy salohiyatini namoyish etishlari uchun maxsus ko‘rik-tanlovlar va eksperimental teatr studiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bunday e’tibor viloyat teatrlari faoliyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Respublika bo‘ylab ko‘plab viloyat teatrlari binolari tubdan rekonstruksiya qilindi. Masalan, Qo‘qon shahri, Xorazm, Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyat musiqali drama teatrlari binolari kapital ta’mirlanib, zamonaviy sahna va yorug‘lik uskunalari bilan jihozlandi. Har bir viloyat teatriga yirik ishlab chiqarish korxonalari, banklar va kompaniyalar homiy sifatida biriktirildi. Bu tizim teatr jamoalarining moddiy ahvolini yaxshilash, yangi spektakllar sahnalashtirish va ijodkorlarni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Viloyatlarda teatr sohasi uchun mahalliy kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintakaviy filiali hamda Nukus filiali tashkil etildi. Bu viloyat teatrlarini yosh va bilimli mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Viloyat teatr jamoalarining Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga muntazam gastrollari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan xalqaro festivallarda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand va Farg‘ona teatr jamoalari faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Toshkentdagi tajribali va taniqli rejissyorlar hamda dramaturglar viloyat teatrlariga borib, mahalliy aktyorlar bilan birgalikda yirik tarixiy va zamonaviy spektakllarni sahnalashtirish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilgan.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida teatrlarimiz zimmasiga qanday vazifalar yuklatildi?
– Prezidentimiz san’at va madaniyat rivojiga doim katta e’tibor va alohida ehtirom bilan yondashishlarini xalqimiz yaxshi biladi. Ijodiy safarlarda, ziyolilar bilan uchrashuvlarda, san’at va madaniyat ahli bilan muloqot davomida bu mehr va e’tibor yaqqol ko‘zga tashlanadi. Davlatimiz rahbarining 2026-yil 2-iyundagi farmoni mamlakatimiz teatr jamoalari uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu bilan birga, hujjatda bir qator vazifalar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, ijodiy birlashmalar orqali yangi iqtidorlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash nazarda tutildi. Ijodiy rahbarlar yangi asarlar yaratishga mas’ul etib belgilandi.
Nodavlat teatr va studiyalar sonini 2028-yilgacha 50 taga yetkazish va teatr sohasida xususiy sektor ulushini 25 foizga oshirish belgilandi. Ijodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi orqali grantlar olinadigan bo‘ldi.
Tanlovlar, festivallar orqali yoshlar ijodiy jarayonga keng jalb qilinadi. Xalqaro ishtirokni kuchaytirish, yangi asarlar yaratish borasidagi ishlar qamrovi yanada kengayadi. Tomoshabinlarni ko‘paytirish uchun chipta subsidiyalari, nodavlat teatrlar uchun binolardan bepul foydalanish imkoni va soliq imtiyozlari berish kabi qator amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
–Keyingi paytlarda nodavlat teatr studiyalari rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bu e’tibor milliy teatr san’atimizda qanday ahamiyatga ega?
–Men O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasida olti yildan beri ishlab kelaman. Faoliyatim davomida ko‘plab nodavlat teatr studiyalari bilan ishlaganman va shuni aytishim mumkinki, nodavlat teatr-studiyalariga berilayotgan e’tiborning ahamiyati milliy teatr san’atimizda juda to‘g‘ri va zarur qadam deb o‘ylayman. Nodavlat studiyalar eksperiment, yangi avlod rejissyorlari va aktyorlari uchun erkin maydon yaratadi. Ular zamonaviy mavzularni (yoshlar muammolari, ijtimoiy masalalar, global trendlar) ochiqroq ko‘tarishi, yangi formalarni sinashi mumkin. Natijada esa raqobat kuchayadi va sifat oshadi. Yoshlar teatrlardagi jonli ijodiy jarayonlarga ko‘proq jalb qilinadi, deb hisoblayman. Nodavlat teatrlarga ham alohida e’tibor qaratilayotgani milliy teatr san’atimizda sog‘lom ijodiy raqobat, muntazam izlanish, ijodiy jarayonning doimiy yangilanib borishi uchun keng yo‘l ochadi.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.