Yangi Namangan tumanida yoshlar bilan ishlash tizimi yangi bosqichga chiqmoqda (+video)
Davlat rahbari tomonidan yoshlar siyosati doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Davlat rahbari belgilab bergan yoshlar siyosati va topshiriqlari yuzasidan Yangi Namangan tumanida yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va kelajagini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, har payshanba kuni “Yoshlar bilan ishlash kuni” sifatida tashkil etilgani bu boradagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishladi. Ushbu kunlarda maktab o‘quvchilaridan tortib, uyushmagan yoshlargacha bo‘lgan qatlam bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari o‘rganilmoqda. Yoshlarning loyihalari, tashabbuslari va kelajak rejalari muhokama qilinib, amaliy yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Tuman rahbariyati tomonidan bitiruvchi yoshlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 25-may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari arafasida yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi, kasb tanlashi va kelajak rejalari yuzasidan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Oliy ta’limga kira olmagan yoki ishsiz qolgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yoshlar agentligi imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar bilan ham manzilli ishlar olib borilib, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashilmoqda.
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ham doimiy e’tiborda. Tumanda futbol, kurash va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar muntazam o‘tkazilib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinmoqda.
Bundan tashqari, Yangi Namangan tumanida hududlarni rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Loyiha institutlari, yosh arxitektorlar va talabalar bilan hamkorlikda yangi kutubxonalar, madaniyat zallari va zamonaviy binolar qurish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu jarayonda yosh loyihachilarga katta imkoniyatlar berilmoqda.
Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish masalasi ham muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Maktab o‘quvchilari darsdan bo‘sh vaqtlarida duradgorlik, mebelchilik, avtoulovlarni ta’mirlash kabi yo‘nalishlarda amaliy bilim olishmoqda. Eng muhimi, yoshlarning mehnat va ta’lim jarayoni o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga alohida ahamiyat berilmoqda. Tadbirkorlar bilan kelishgan holda, yoshlarning o‘z vaqtida dam olishi va ertalabki darslarga charchamasdan qatnashishi ta’minlanmoqda.
Bugun Yangi Namangan tumanida amalga oshirilayotgan bunday ishlar yoshlarning kelajagiga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Davlat rahbari tashabbusi asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur tizim yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, bilim olishi va bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/ZCdN52Kj_dY" title="Yangi Namangan tumanida yoshlar bilan ishlash tizimi yangi bosqichga chiqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA