“Kasblar festivali” yoshlarni bir maydonga jamladi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida Yoshlar kuni munosabati bilan minglab bitiruvchi yoshlar ishtirokida “Kasblar festivali” bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida viloyatda ilk bor “Kasb va mehnat kuni” ham keng nishonlandi.
Festival tadbirlarida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Dastlab viloyatdagi texnikum va kasbiy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali pavilonlar ko‘zdan kechirildi. Ularda 30 dan ortiq kasb-hunar yo‘nalishlari, innovatsion ishlanmalar, startap loyihalar va ta’lim jarayonlari namoyish etildi.
Yoshlar elektromontyorlik, mexatronika va robototexnika, dasturchilik, aloqa operatorligi, servis xizmati, to‘qimachilik, sartaroshlik, sotuvchilik, zargarlik, asalarichilik va kulolchilik kabi yo‘nalishlardagi amaliy ishlari va yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Ochiq muloqotlarda xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritish, kasblarni ishlab chiqarish bilan uyg‘un holda o‘zlashtirish hamda yuqori daromad keltiruvchi zamonaviy mutaxassisliklarga qiziqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda bugungi mehnat bozorida elektrchi, santexnik va payvandchi kabi mutaxassislarga talab yuqori ekani, bunday kasb egalariga nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham ehtiyoj ortib borayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan sharoitda axborot texnologiyalari va dasturchilik sohalarini chuqur o‘zlashtirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, ayni paytda viloyatdagi 63 ta kasbiy ta’lim muassasasida 58 ming 747 nafar o‘quvchi-yosh 161 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha tahsil olmoqda. Ularga 3 ming 857 nafar pedagog va ishlab chiqarish ustasi nazariy bilim hamda amaliy ko‘nikmalar bermoqda. Dual ta’lim tizimi ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
[gallery-29431]
Viloyat rahbari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan serdaromad yo‘nalishlarni texnikumlar o‘quv dasturlariga keng joriy etish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, hunar egalari uchun yangi imkoniyatlar davri boshlanayotgani, ularning o‘rnini hatto sun’iy intellekt ham to‘liq bosa olmasligi qayd etildi.
Tadbirda yoshlarni milliy qadriyatlar va an’analar ruhida tarbiyalash, ularni bilimli, vatanparvar va raqobatbardosh kadrlar sifatida voyaga yetkazish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Festival doirasida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA