Xorijiy sayyohlar va hunarmandlar uchun “Tax Free” axborot materiallari ishlab chiqildi
Mamlakatimiz milliy hunarmandchilik mahsulotlariga xorijliklarning qiziqishini oshirish hamda turizm sohasidagi qulayliklarni keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim vazifalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi “Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni yo‘nalishda muhim asos bo‘lmoqda.
Jumladan, chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimidagi ayrim ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, tizim qamrovini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash orqali mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish masalalari o‘rin olgan.
Hujjatda xorijiy sayyohlarga “Tax Free” tizimi imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda vazifalar ijrosi doirasida “Tax Free” tizimining afzalliklari hamda xorijiy fuqarolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi bo‘yicha axborot materiallar ishlab chiqildi, deyiladi Hunarmand uyushmasi ma’lumotida.
Tayyorlangan axborot materiallari xorijiy mehmonlarga qulay bo‘lishi maqsadida o‘zbek, ingliz, rus, xitoy va arab tillariga tarjima qilindi.
Bu orqali xorijiy sayyohlarni “Tax Free” tizimi imkoniyatlari haqida xabardor qilish, milliy hunarmandchilik mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda turizm sohasida yaratilayotgan qulayliklarni keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, “Tax Free” chet davlat fuqarolariga ular mamlakatdan chiqib ketayotganda sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) summasini qaytarib berish tizimi hisoblanadi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA