Lanchjou mo‘’jizalari (+video)
Lanchjou shahrida "Lanchjouda ikkinchi xalqaro kommunikatsiya haftaligi — Jahon OAVning Lanchjou bo‘ylab media-turi" dasturi bo‘lib o‘tmoqda. Unda olti qit’aning 23 davlatidan tashrif buyurgan yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, mashhur internet-blogerlar va xorijlik fotosuratchilar shahar markazidan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan Dansya geologik hududiga tashrif buyurdilar.
Rang-barang tovlanuvchi tog‘lari bilan hayratga soladigan bu maskan yomg‘irdan keyin qizil va to‘q yashil yonbag‘irlar tuman bag‘riga singib ketgandek, tog‘larni qoplagan bulutlar esa manzaraga o‘ziga xos go‘zallik bag‘ishladi.

Yuz millionlab yillar davomida shakllangan ushbu geologik mo‘’jiza quyoshli havoda rassom palitrasini eslatuvchi yorqin ranglarga burkanadi. Biroq, yomg‘ir go‘yo bu ranglarni yuvib yuboradi: to‘q tuslar yumshaydi, och ranglar esa yanada shaffoflashadi. Go‘yo tabiatning o‘zi mo‘yqalamni siyohga botirib, an’anaviy xitoy rassomchiligi uslubida ulkan asar yaratgandek tuyuladi.


Kuzatuv maydonchasidan so‘ng media-tur ishtirokchilari “Dansya otlari raqsi” teatrlashtirilgan tomoshasi markaziga tashrif buyurdilar. Ulkan qum sahnasida o‘nlab zotdor otlar chavandozlar boshchiligida tomoshabinlar qarshisida shiddat bilan yugurib o‘tdi. Bu Lanchjouda otchilik madaniyatiga bag‘ishlangan ilk yirik ochiq osmon ostidagi sahna ko‘rinishidir.

Tomosha asosida G‘arbiy Xan sulolasi davrining mashhur sarkardasi Xo Syuybinning Lanszyuysyuy tog‘lari yaqinidagi g‘alabasidan keyingi tarixiy yurishi yotadi. Otchilik san’ati, raqs va zamonaviy yoritish texnologiyalarining uyg‘unligi Buyuk Ipak yo‘li haqidagi afsonalarni yana bir bor jonlantiradi. Qumdagi tuyoqlar sadosi, ko‘tarilgan chang va otlarning shiddatli yugurishi tomoshabinlarda kuchli his-tuyg‘ular uyg‘otadi. Hozirgina Dansya harakatsiz surat edi, endi esa u go‘yo jonlanib ketdi. Bu hayratlanarli! Yomg‘irdan keyin Dansyaning ranglari yanada jozibali ko‘rinadi, bulut va tuman quchog‘idagi tog‘lar esa xuddi kinofilm kadrlarini eslatadi. Bu men hayotimda ko‘rgan eng g‘ayrioddiy geologik landshaftlardan biridir.
Bir lahza avval ko‘z o‘ngimizda tabiatning go‘zal manzarasi namoyon edi, endi esa u haqiqiy epik dostonga aylandi. Ot tuyoqlarining ovozi, doiralar zarbi, chavandozlarning mahorati — bularning barchasi beqiyos taassurot qoldiradi.
Dansya ming yillar davomida o‘z qiyofasini saqlagan holda harakatsiz turadi. Otlar esa birgina kishnashi bilan tomoshabinni ikki ming yil orqaga — Xesidagi Buyuk Ipak yo‘li davriga eltib qo‘yadi. Yomg‘irli Dansya va shiddat bilan chopayotgan otlar, sokinlik va harakat — aynan shu uyg‘unlik bu zaminning haqiqiy ruhini ochib beradi.
Qadimgi Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim tugunlaridan biri hisoblangan Lanchjouning “akvarel Dansya” hududi yil fasllari va ob-havoga qarab o‘zgarib turuvchi betakror manzaralari, shuningdek, tobora takomillashib borayotgan turizm infratuzilmasi orqali “Sariq daryo poytaxti” — Lanchjou shahrining yuqori sifatli rivojlanish tarixi haqida butun dunyoga hikoya qilishda davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lwxnpvVfZRI" title="Lanchjou mo‘jizalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muxammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O'zA