O‘zbekiston Iroqning Kurdiston mintaqasi bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Mamlakatimiz turizm sohasida xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishda davom etmoqda.
Bu safar e’tibor Yaqin Sharqning muhim iqtisodiy hududlaridan biri — Iroqning Kurdiston mintaqasi bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonovning Iroq Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Gaylan Said Aziz bilan o‘tkazgan rasmiy uchrashuvida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi turistik almashinuvni kengaytirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, tarixiy-madaniy, oilaviy va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish uchun ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda investitsiyaviy sheriklik ham kun tartibining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Iroq ishbilarmon doiralari vakillariga O‘zbekistonda tog‘-kurortlari, zamonaviy mehmonxona majmualari hamda boshqa turizm infratuzilmasi ob’ektlarini barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarida ishtirok etish taklif etildi.
Shuningdek, Iroq delegatsiyasi O‘zbekistonning eng yirik turistik tadbirlaridan biri hisoblangan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif qilindi. Mazkur maydon xorijiy hamkorlar bilan V2V uchrashuvlar o‘tkazish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur muloqot O‘zbekiston va Iroq Kurdiston mintaqasi o‘rtasida turizm sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA