Xorazmlik tibbiyotchilar o‘z sohasini korrupsiyadan xoli qilmoqchi
Urganch davlat universiteti katta majlislar zalida “Sog‘liqni saqlash sohasini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish” mavzusida o‘quv seminar tashkil qilindi.
O‘quv seminarida barcha tibbiyot muassasalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh hisobchilar, xaridlar va pullik xizmat bo‘yicha hisobchilar hamda kadrlar bo‘yicha mas’ullar, shuningdek, tug‘ruq, shoshilinch va tumanlararo klinik epidemiologik diagnostika, xirurgiya bo‘limi mudirlari va bosh hamshiralar qatnashdi.

Seminarda sog‘liqni saqlash vazirligi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasi mas’ullari hamda Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i va boshqalar so‘zga chiqib korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida gapirdi.

Uchrashuvda sohada korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalari atroflicha muhokama qilinib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri