Toshkentda “GEOMIN 2026” xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi
Bugungi kunda mineral resurslardan samarali foydalanish, yangi konlarni o‘zlashtirish, geologiya-qidiruv ishlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda kritik minerallar bazasini kengaytirish jahon miqyosidagi dolzarb vazifalardan biriga aylanyapti. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy geofizik tadqiqotlar esa geologiya sohasida yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Aynan shu masalalarga bag‘ishlangan “GEOMIN 2026” xalqaro konferensiyasi bugun Toshkent shahrida o‘z ishini boshladi. Anjuman dunyoning 26 mamlakatidan geologiya, tog‘-kon sanoati va mineral resurslar sohasi vakillarini birlashtirdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) hamkorligida tashkil etilgan.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova, Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) prezidenti Rocky Detomo va boshqalar so‘zga chiqib, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, mineral resurslardan samarali foydalanish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mazkur nufuzli tadbir “Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya orqali geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda foydali qazilmalarni izlash va qidirishning yangi yondashuvlari, zamonaviy texnologiyalar, professional tajriba almashish hamda davlat tuzilmalari, geologiya xizmatlari, sanoat, ilm-fan va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
“GEOMIN 2026” doirasida 26 mamlakatdan 70 dan ortiq tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Dasturdan 100 dan ortiq taqdimot, 25 ta texnik sessiya, 34 nafar asosiy spikerning chiqishlari hamda yuqori darajadagi uchta panel muhokamasi o‘rin olgan.
Tadbirning markaziy mavzularidan biri yangi konlarni izlash samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt va katta hajmdagi geologik ma’lumotlardan foydalanishdir. Xalqaro ekspertlar zamonaviy tahliliy vositalar, prognozli modellashtirish, geologik va geofizik ma’lumotlarni to‘plash hamda qayta ishlashning yangi texnologiyalarini muhokama qilmoqda.
Dasturda energetik o‘tish, yuqori texnologiyali sanoat va global ta’minot zanjirlari barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etayotgan kritik va strategik resurslarga ham katta o‘rin ajratilgan. Mineral resurslarni qidirish va o‘zlashtirish istiqbollari, investitsiya imkoniyatlari hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
"GEOMIN 2026” konferensiyasining Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakatda geologiya va tog‘-kon sanoatida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yer qa’ridan foydalanishni tartibga solish tizimi takomillashtirilmoqda, bozor mexanizmlari va investitsiyalarni jalb etishning zamonaviy yondashuvlari joriy qilinmoqda, geologik ma’lumotlar va ishlab chiqarish jarayonlari raqamlashtirilmoqda.
Eslatma o‘tamiz, “GEOMIN” ilk bor 2025-yilda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilgan. Toshkentda ikkinchi xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi “GEOMIN”ning davlat tuzilmalari, geologiya xizmatlari, sanoat, ilm-fan va texnologik hamjamiyat vakillarini geologiya-qidiruv hamda mineral resurslar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun birlashtiruvchi professional platforma sifatida rivojlanishini davom ettiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA